Ta’lim sohasida velosiped ixtiro qilmaslik kerak, dedi O‘zbekistonda Finlyandiya ta’lim tizimini joriy etishga mas’ul hisoblangan Prezident administratsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Allamjonov. “Dunyoda sinovdan o‘tgan eng ilg‘or tizimni shartta olib, o‘zimizga adaptatsiya qilish kerak”, deb yozdi u payshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida.

“Matematika butun dunyoda matematika, fizika yoki ximiya qonunlari butun dunyoda bir xil. Darsliklar sifati va o‘qitish metodikasi har xil. Ulardan O‘zbekiston uchun eng ma’quli, bu — Finlyandiyaniki, deb qaror qabul qildi mutaxassislar”, — deya qayd etib o‘tdi u.

“Finlyandiya ta’lim sohasidagi eng ilg‘or davlatlardan biri. Va reytinglarda doim eng yuqori o‘rinda. Shuning uchun ham prezidentimiz Finlyandiya tajribasini bizda qo‘llash topshirig‘ini berdi”, — deya qo‘shima qildi Komil Allamjonov.

“1−4-sinflar uchun o‘quv majmualari o‘zimizning mutaxassislar tomonidan fin standartlari asosida tayyorlanmoqda. 5−11-sinflarning milliy mafkuramizga bog‘liq qismlari, ya’ni tarix, o‘zbek tili, adabiyot kabilarini o‘zimizning [milliy mutaxassislarimiz tomonidan tayyorlanishi kerak]. Tabiiy fanlar, ya’ni fizika, ximiya, biologiya, anatomiya kabilar bo‘yicha esa eng zo‘r, tajribada sinalgan, katta natija beradiganini, tayyorini olib, o‘zimizga moslashtiramiz”, — dedi u.

“Qisqa aytsa, qo‘limizdan kelganini o‘zimiz [qilamiz], kelmaydiganining esa tayyorini olamiz. Shunda ham vaqtdan yutamiz, ham sifatga erishamiz, ham mualliflar yetishmovchiligi masalasini yopamiz, inshaolloh! Prezident administratsiyasi shu ishlarni muvofiqlashtiryapti, Xalq ta’limi vazirligi tashkil qilyapti. Qisqacha hisobot shu, do‘stlar. Savollar bo‘lsa, [javob berishga] tayyorman”, — deb yozdi Komil Allamjonov.

Allamjonovning bu posti e’lon qilingan vaqt “Gazeta.uz"da ta’lim sohasi bo‘yicha mutaxassis Komil Jalilovning Finlyandiya ta’lim tizimiga bag‘ishlangan maqolasi chop etilishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Jalilovning qayd etishicha, boshqa mamlakat tajribasini ko‘chirish — izchil o‘ylab qabul qilinishi kerak bo‘lgan va millat taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan qarordir; u o‘z maqolasida vakolatli organlar oldiga savollar qo‘yib, ularni ochiq muhokama qilishga chaqigan. 2020 yili qabul qilingan Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqishda aynan shunday muhokamalar bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu dastur doirasida bir qator fanlar bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqilgan edi.