2 noyabr kuni Samarqand viloyatining Samarqand tumanida yashovchi 32 yoshli ayol 4 nafar egizak farzandli bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ona va bolalarni nazoratga olganini ma’lum qildi.

U 29 oktabr kuni Samarqand viloyat perinatal markaziga olib kelinib, zudlik bilan markazning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ayolga «Homiladorlik 4-daraja. Preeklampsiyaning og‘ir darajasi. Surunkali piyelonefritning xuruj davri. Rezus manfiy qon. Ko‘p suvlilik. Anemiyaning og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilgan.

Markaz direktori Lola Hamroyeva unda tug‘uruqdan oldingi homila profilaktikasi, gemotransfuziya va antibakterial terapiyalar amalga oshirilganini ma’lum qildi.

2 noyabr kuni takroriy ko‘rik natijalariga asosan, ayolning tibbiy ahvoli hisobga olinib, tug‘uruq operativ yo‘l bilan bajarildi va to‘rt nafar sog‘lom chaqaloq tug‘dirib olindi.

Foto: SSV

  • Ulardan ikki nafari qiz — biri bo‘yi 42 sm, 1860 gr vazn bilan, ikkinchisi bo‘yi 43 sm, 2060 gr vazn bilan dunyoga keldi.
  • Ikki nafari o‘g‘il chaqaloq — bo‘yi 43 sm, biri 2090 gr, ikkinchi esa 1800 gr vazn bilan tug‘ildi.

Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Og‘ir tug‘uruq jarayonidan so‘ng onaning umumiy ahvoli o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotiga mos bo‘lib, u va bolalarining holati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Ayni paytda barcha kerakli muolajalar davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.