Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida loyiha qiymati 115 mln dollarlik jami 18 000 o‘rinli 17 ta talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha Maslahat xizmati bitimi imzolandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Zokir Bozorov va YeTTBning Barqaror infratuzilma siyosati va loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha direktori Mesyu Jortan-Tank imzo chekdi.

17 ta turar-joyning umumiy qiymati 115 mln dollar miqdorida baholanmoqda. YeTTB O‘zbekistonga obyektlar qurilishi uchun investorlarni topishda yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 9 cyentyabrda talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar qurilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etilishi belgilangan. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston bo‘yicha DXSH asosida 47 ta yotoqxona qurilishi kerak edi. Ammo iyulgacha faqatgina 2 ta universitetda yotoqxona qurib topshirilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishlar kechikishini DXSH asosida talabalarga turar joy qurish taklifiga tadbirkorlar qiziqmagani bilan izohlagan.

«Prezidentimiz tomonidan subsidiyalar miqdori uch barobarga oshirilib, tadbirkorlarga mulkka egalik huquqining 22 foizi berilgach, may oyidan 8 tadbirkordan tashabbus bildirildi. Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar ham tanlab olinadi. Chunki u yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi kerak. Mana shu jarayonlar vaqtni biroz cho‘zdi. Shuning uchun bu yilda biroz kechikish bo‘ladi. Kelgusi yili buni yetkazib olamiz», — deya ta’kidlagandi Buzrukxonov.