O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasidagi «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona postida (Qozog‘iston tomondagi post «Jibek joli» deb ataladi) rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari boshlandi. Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) matbuot xizmatining xabar berishicha, qo‘mita raisi Akmalxo‘ja Mavlonov 3 noyabr kuni postda olib borilayotgan ishlar bilan tanishgan.

Rekonstruksiya ishlari prezidentning 27 apreldagi farmoniga asosan olib borilmoqda. Kuni kecha Qozog‘iston bilan chegaradagi boshqa — «Navoiy» («Qoplonbek») postida ham ta’mirlash ishlari boshlanishi ma’lum qilingan edi.

Rekonstruksiya ishlari davomida post o‘z ishini davom ettiradi, transport vositalari va jismoniy shaxslar harakati parallel ravishda amalga oshiriladi, buning uchun zarur kuch va vositalar jalb etiladi, deya ma’lum qildi DBQ.

Loyihaga ko‘ra, post hududi 1,5 gektarga kengaytiriladi, bu esa uning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 350 avtotransportdan 1000 avtotransportgacha hamda 30 ming kishidan 50 ming kishigacha oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, Toshkent shahridan chiqishdagi «Uch qahramon» postidan to «G‘ishtko‘prik» postigacha bo‘lgan 11 kilometrlik yo‘lni ham, yo‘lbo‘yi infratuzilmalarini tashkil etgan holda, rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.

Foto

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati