O‘zgidromet chorshanba kuni respublikaning barcha hududlarida yomg‘ir yog‘ishi, ayniqsa, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining ba’zi joylarida kuchli bo‘lishini ma’lum qilgandi.

2 noyabr kun davomida yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Toshkentning ayrim ko‘chalarida suv toshishi kuzatildi. Transport harakati sekinlashib, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi.

Toshkent shahar hokimligi ushbu toshqinlarga yagona sabab sifatida yul va ariqlarga tashlangan chiqindilar ekanini ma’lum qildi.

«Shu kunlarda kommunal va obodonlashtirish sohasi vakillarining asosiy kuchlari ariqlar va drenaj tizimlaridagi chiqindilarni chiqarishga va suv yo‘llarini ochishga qaratilgan. Ushbu vaziyatning yagona sababi — chiqindilarning belgilangan joylarga emas, balki yo‘llarga va ariqlarga tashlab ketilishi. Kelajakda bunday holatlar qaytarilmasligi uchun chiqindilarni faqat belgilangan joyga tashlashingizni, bu orqali, poytaxtimiz ozodaligiga o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz!», — deyiladi hokimlik xabarida.

Telegram kanallarida tarqalgan ba’zi video va suratlarda mutasaddi va ko‘ngillilar suv toshqinini bartaraf etish uchun ariqlarni tozalayotganini ko‘rish mumkin. Biroq hokimlik xabarida drenaj tizimining holati haqida esa ma’lumot berilmagan.