2022 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda davlat budjeti taqchilligi 4,2−4,5% darajasida prognoz qilinmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruv raisi Mamarizo Nurmuratov 27 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Uning eslatishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotini 2022 yilgi rivojlanishining asosiy ssenariysi belgilanayotganda inflyatsiya 8,5−9,5%, budjet taqchilligi esa 3% atrofida bo‘lishi prognoz qilingan, biroq real ko‘rsatkichlar prognozlardan yuqori bo‘ladi.

«Bugungi kunda fiskal xarajatlarning — qo‘shimcha [budjet] xarajatlarining oshishi, ijtimoiy yordam ko‘lamining kengayishi, ish haqining belgilangan ko‘rsatkichlardan biroz yuqoriga oshirilishi (inflyatsiya darajasidan yuqori) sababli — joriy yilda [budjet taqchilligi] 4,2−4,5% darajada bo‘lishi kutilmoqda. Bu albatta, o‘z-o‘zidan inflyatsiyaga ham ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois joriy yilda biz inflyatsiyani ilgari prognoz qilingan 8,5−9,5% darajasida emas, balki 12−12,5% kutmoqdamiz», — deya qayd etdi u.

Uning fikricha, hozirgi makroiqtisodiy sharoitda pul-kredit (monetar) siyosatining roli bilan bog‘liq holda inflyatsiya o‘sishini jilovlashda fiskal siyosat va fiskal konsolidatsiyaning roli ortib bormoqda.

«Chunki bu qo‘shimcha xarajat. Boshqacha qilib aytganda, qo‘shimcha pullarni muomalaga kiritish degani. Bu, o‘z navbatida, inflyatsiyaga ta’sir qiladi», — dedi u.

Shu bilan birga, regulyator rahbari amaldagi pul-kredit siyosati vositalari, jumladan, Markaziy bank asosiy stavkasini (15%) inflyatsiya darajasidan (sentabrda 12,2%) yuqori darajada ushlab turish orqali 2022 yil oxiriga kelib iste’mol narxlari o‘sish sur’atlarini 12% gacha pasaytira olishiga ishonch bildirdi.

Avvalroq hukumat Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga budjet taqchilligining maksimal miqdorini 3% dan 4%ga oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritgandi. Bu esa davlat xarajatlarini 8 trillion so‘mga oshirishni nazarda tutadi. Bu Markaziy bank prognozlaridan pastligi sabab, hukumat limitga moslashish uchun davlat xarajatlarini optimallashtirishi talab etadi.

27 oktabr kuni Markaziy bank O‘zbekiston iqtisodiyotini 2025 yilgacha rivojlantirishning ikkita ssenariysini tasdiqladi. Keyingi yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi tarkibiy o‘zgarishlarning mantiqiy yakunlanishi, davlatning iqtisodiyotdagi rolining qisqarishi va boshqa omillarga bog‘liq bo‘ladi. Markaziy bank 2023 yildan boshlab hukumat davlat moliyasini tartibga solishni boshlashi kerakligini ta’kidladi.

Pul-kredit siyosati (monetar) — ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida olib borilayotgan makroiqtisodiy siyosatning bir qismi. Pul-kredit siyosati pul-kredit instrumentlaridan foydalanish orqali bank tizimidagi likvidlik hajmini, foiz stavkalari va boshqa monetar ko‘rsatkichlarni belgilangan darajada ushlab turish uchun amalga oshiriladi.

Fiskal siyosat — davlat faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat daromadlari va xarajatlarini muayyan iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlar uchun tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini o‘z ichiga oluvchi moliyaviy siyosatning ajralmas qismi. Hukumatning soliqlarni belgilash va mablag‘ sarflash huquqlaridan foydalanishiga asoslanadi.