31 oktabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan «Vatan sarhadlarini himoya qilish borasida chegara qo‘shinlari, mudofaa, bojxona xizmati, ichki ishlar organlari va mahallalar o‘zaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlari: tajriba, samaralar va istiqboldagi vazifalar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Unda DXX Chegara qo‘shinlari, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etdi.

«Qo‘shni davlatlarda yuzaga kelayotgan keskin ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mamlakatimizga ta’sirining oldini olish, tezkor-kriminogen va ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini saqlash, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, turli ko‘rinishdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi xodimlaridan iborat 120 ta „mobil guruhlar“ faoliyati tashkil etilgan», — deya qayd etildi tadbirda.

Bundan tashqari, Senat matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yil mart hamda avgust oylarida 1,6 mln kishi istiqomat qilayotgan chegaradosh aholi maskanlarida «Chegara-tozalash» tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Cho‘pon, ovchi va o‘rmon xo‘jaligi xodimlarini jalb qilgan holda 2022 yilning o‘tgan davri davomida chegaraoldi, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda 2 154 marotaba razved-qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Afg‘onistonning 24 nafar fuqarosi Surxondaryo viloyatidagi Amudaryodagi Payg‘ambar oroliga qizilmiya ildizini noqonuniy olib chiqib ketish uchun kirgani haqida xabar berilgan edi. Ular O‘zbekiston chegarachilariga qarshilik ko‘rsatgan va so‘ngra qo‘lga olingan. To‘qnashuv chog‘ida Afg‘onistonning ikki fuqarosi halok bo‘ldi, olti nafari yaralandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi «har ikki tomonda ham alohida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani, bu hududda keskinlikka olib kelganini» ma’lum qildi.