27 oktabr kuni kechki payt prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov O‘zbekistonning turli hududlaridagi gazdan uzilgan issiqxonalar egalari bilan uchrashdi.

Ismi sir qolishini iltimos qilgan tadbirkorning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, soat 21:00 da Vazirlar Mahkamasida boshlangan muloqot 23:30largacha davom etgan. Uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida O‘zA ham juma kuni ertalabdan xabar tarqata boshladi.

«Kecha energetika vazirligida bo‘lgan uchrashuvda qatnashgan mas’ullar, viloyat hokimlari (Zoom orqali) va O‘zbekistonning bir qancha hududidagi beshta yirik issiqxonachilar bilan Sardor Umurzakov yig‘ilish o‘tkazdi. Administratsiya rahbari gaz berilishini so‘rab, Toshkentda to‘planganimizdan xabardor ekanligini, o‘sha kuni Toshkentda emasligi uchun uchrasha olmaganligini, bu prezidentgacha yetib borganini ta’kidladi», — dedi issiqxonachi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yig‘ilishda tadbirkorlar ham so‘zga chiqib, ularning muammolari, fikri va takliflari eshitilgan.

«2022−2023 yilda hech bir issiqxonachi gazdan uzilmasligi, bugun 28 oktabr kuni hamma issiqxonachilar to‘liq gazga ulanishi, buni shaxsan Sardor O‘ktamovichning o‘zlari nazoratga olishini aytdi. Shuningdek, bugun kechgacha qaysi tadbirkor gazga ulanmasa, o‘sha hududning gaz rahbari jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi. Issiqxonachilar mahsulotlarini asosan, fevral oyidan sotishni boshlaydi. Shu bois ungacha gaz to‘lovini bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish bo‘yicha ham topshiriq berildi», — dedi tadbirkor uchrashuv haqida xulosa qilarkan.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Sardor Umurzakov issiqxonalarning yoppasiga va birdaniga muqobil yoqilg‘iga o‘tishi haqidagi fikrlarga e’tiroz bildirib, buni tanqid qilgan.

«Hamma tadbirkorlar muqobil yoqilg‘iga o‘tishidan oldin biror korxona yoki hududda sinov o‘tkazilishi, uning natijasi bo‘yicha davlat rahbariga taqdimot qilinishi, agar prezidentga bu ma’qul kelsa, so‘ngra bosqichma-bosqich o‘tilishi aytildi. Qisqasi, kechagi ketma-ket uchrashuvlar va muammolarimiz tinglanganidan, ko‘ksimizga shamol tekkanidan xursandmiz. Davlat rahbari, Sardor (Umurzakov) O‘ktamovich va qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz (Voitov) Botirovichga minnatdorchilik bildiramiz», — dedi issiqxonachi.

Eslatib o‘tamiz, 25 oktabr kuni respublikaning turli hududlarida gazdan uzilgan issiqxonalar egalari o‘zining noroziligini bildirib, Toshkentga kelgandi. Shu kuni ular prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov bilan uchrasholmay, Vazirlar Mahkamasiga yo‘naltirilgandi. Hukumat vakillari ularning takliflari bosh vazirga yetkaziligini aytishgandi.

27 oktabr Energetika vazirligi binosida issiqxonachilar va hukumat vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgani, issiqxonalar gazdan uzilmaydigan bo‘lgani haqida xabar berilgandi.