Madaniy meros va turizm sohasidagi qonunchilik ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatida joylashgan (1 468 ta) tarixiy obyektlarni o‘rganish davomida bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Jumladan, 18 ta madaniy meros obyektida noqonuniy qurilmalar qurilgan va o‘zboshimchalik bilan ta’mirlash ishlari o‘tkazilgan.

Masalan, Yakkabog‘ tumanidagi XII asrga oid Gumbaz masjidining ichki devorlari restavratsiya qoidalariga zid ravishda ta’mirlangan bo‘lsa, Kasbi tumanidagi XIV asrda bunyod qilingan Katlas masjidi devorlariga taqab devor qurilib, zarar yetkazilgan.

Shuningdek, madaniy meros obyektlarining 382 tasi yoki 26 foizida muhofaza belgilari o‘rnatilmagan. Yakkabog‘ tumanidagi XII-XIV asrlarga oid Yodgor Vallamin madrasasi yoki Kasbi tumanidagi XIV asrda qurilgan Katta Sardoba yodgorliklari shular jumlasidan.

Viloyatdagi 35 ta tarixiy obyekt ta’mir talab, avariya holatiga kelib qolgani, 10 ta madaniy meros obyektidan noqonuniy foydalanib kelingani, 5 ta madaniy meros obyektiga noqonuniy ravishda reklama bannerlari o‘rnatilgani aniqlandi.

Bundan tashqari, turistlar tashrif buyuradigan 58 ta madaniy meros obyektida yong‘in xavfsizligi, 49 tasida sanitariya qoidalari talablari buzilgani aniqlandi.

«Qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. O‘rganish davom etmoqda», — deyiladi prokuratura xabarida.