Issiqxonalarni gaz ta’minotidan uzish holati bo‘yicha tadbirkorlarning noroziligidan xabar topgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan mazkur masalani ko‘rib chiqishni prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakovga topshirdi.

27 oktabr kechqurun Administratsiya rahbari boshchiligida o‘tgan majlisda issiqxonalarni tabiiy gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlari bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar bildirilayotgani, xususan 25 oktabr kuni tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangani bo‘yicha tegishli mas’ullar qattiq tanqid ostiga olindi.

«Vazirlar Mahkamasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddi rahbarlarining ushbu masala bilan umuman shug‘ullanmagani uchun, tadbirkorlarning muammolariga yechim topmagani uchun ular prezident Administratsiyasiga kelishmoqda», deya Umurzakovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda O‘zA.

Yig‘ilish davomida issiqxona egalari bo‘lgan tadbirkorlar ham tinglandi. Ular o‘zlarini qiynayotgan muammolar, faoliyatidagi og‘riqli masalalar va ular yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Ma’lumki, mavsum paytida issiqxonaning har bir kuni o‘ta muhim bo‘ladi. Bu nafaqat o‘sha tadbirkor uchun, balki O‘zbekiston oziq-ovqat ta’minoti va xavfsizligi uchun ham juda ahamiyatli.

Ma’lum bo‘lishicha, «Hududgazta’minot» AJ 700 gektardagi 268 ta issiqxonani tabiiy gazdan uzib qo‘ygan. Buning oqibatida 70 ming tonna hosil, 30 million dollarlik eksport yo‘qotilishi, eng asosiysi gazdan uzilgan issiqxonalarda band bo‘lgan 10 mingga yaqin aholi ishsiz qolishi mumkin.

Shuni inobatga olib, Energetika vazirligiga gaz ta’minotidan uzilgan barcha issiqxonalarni 1 kun ichida gaz bilan qayta ta’minlash topshirig‘i berildi.

E’tiborlisi, Energetika vazirligi matbuot xizmati 27 oktabr kuni «Gazeta.uz»ga «bugundan boshlab mavjud, to‘lovni amalga oshirgan issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish boshlangani»ni ma’lum qilgandi. Qolaversa, bu xabarning o‘zining veb-sahifa va tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ham tarqatgandi. 28 oktabr ertalab bu xabar barcha platformalardan o‘chirib tashlandi.


Shuningdek, Sardor Umurzakov yig‘ilishda Hisob palatasiga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan «Hududgazta’minot» AJning hududiy boshqarma boshliqlari harakatiga huquqiy baho berish, agar ularning harakatida jinoyat alomatlari aniqlansa, qonuniy tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriq berdi.

Issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkaziladi

Yig‘ilishda shuningdek, issiqxonalarni muqobil energiya (ko‘mir)ga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.

So‘zga chiqqan tadbirkorlarning barchasi issiqxonalarni ko‘mir orqali isitishga o‘tish ma’lum vaqt talab etishi, buni avval har tomonlama o‘rganib chiqish, sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkazish, tijoriy tomonlarini hisob-kitob qilish zarurligini ta’kidladi. Mazkur masala yuzasidan ishchi guruh tuzilib, tegishli mutaxassislar va tadbirkorlar bilan birgalikda holatni batafsil o‘rganib chiqish yuzasidan topshiriq berildi.

Bunda ishchi guruh har bir issiqxona kesimida ularning moliyaviy ahvolini o‘rganib chiqib, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan aniq asoslangan takliflar tayyorlaydi. O‘z navbatida issiqxona yurituvchi tadbirkorlarga o‘z hosillarini nes-nobud qilmasdan yetishtirib olishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida 1 kun ichida tegishli manbalardan moliyaviy mablag‘ bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.