Ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va isroillik milliarder Leonid Nevzlin suhbatida O‘zbekistonda Eron bilan hamkorlikda harbiy dronlar yig‘ilayotgani va ular Ukrainaga qarshi urushda foydalanilayotganini ta’kidlandi. Bunga O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi bayonoti ortidan Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi.

«Shuni alohida ma’lum qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Eron Islom Respublikasi bilan harbiy-texnik sohada hamkorlik qilmaydi va o‘z hududida Eron harbiy texnikasini yig‘maydi», — deyiladi bayonotda.

«Hozirgi vaqtgacha Ukraina tomonidan ham, boshqa xorijiy hamkorlardan ham „Eron dronlarini yig‘ish“ masalasi bo‘yicha rasmiy murojaatlar kelib tushmagan», — deya qayd etdi TIV.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi «Ukraina rasmiy hukumatiga Ukraina ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday asossiz ayblovlar va boshqa ishonchsiz ma’lumotlar tarqatilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘rab murojaat qildi».

Eslatib o‘tamiz, Dmitriy Gordon va Leonid Nevzlin Youtube`dagi suhbati chog‘ida O‘zbekistonda Eron harbiy dronlari ishlab chiqarilishini ta’kidlashgandi. Shuningdek, Dmitriy Gordon suhbatdoshidan Isroil — Iroq, Eron va O‘zbekistondagi dron ishlab chiqariluvchi nuqtalarga zarba berishi mumkin yoki yo‘qligi haqida so‘radi. «Men O‘zbekiston haqida biror narsa deya olmayman, chunki meni nazarimda, bu neytral-do‘st davlatdir. Isroil bilgan yoki yo‘qligini bilmayman, — umid qilamanki, — u yerda dronlar ishlab chiqarilayotganini bilgan. Lekin o‘ylaymanki, Isroil va Amerika kerakli darajada „ultimatum“ qo‘ya oladi va ular (O‘zbekiston — tahr.) buni to‘xtatishadi», — deya javob berdi Leonid Nevzlin.