Prezidentning «Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, hududlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘lash maqsadida 2023 yil mart oyidan boshlab Samarqand — Nukus, Samarqand — Mo‘ynoq, Samarqand — Termiz, Buxoro — Termiz, Namangan — Termiz va Namangan — Nukus kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar boshlanadi.

Shuningdek, Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarining turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlarni tiklanadi, Zomin aeroportiga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, aviaqatnovlar jadvalini yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan temir yo‘l, avtobus va mikroavtobus yo‘nalishlari bilan integratsiyalash orqali yagona logistika tizimini yaratish choralari ko‘riladi.

Mahalliy aviakompaniyalariga ichki turizm yo‘nalishlaridagi aviaqatnovlar uchun avia chipta narxining 25 foizi miqdorida respublika budjetidan subsidiya ajratish muddati 2026 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

«O‘zbekistonning rezident aviakompaniyalari 2028 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga olib kiriladigan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, texnik hujjatlar va dasturiy ta’minot uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi», — deyiladi xabarda.