26 oktabr kuni prezidentning «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori [PQ-410-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston hamda Turkiya hukumatlari o‘rtasida davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnoma tasdiqlandi.

Mazkur bayonnoma 2022 yil 29 mart kuni Toshkent shahrida imzolangan.

Davlat bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin O‘zbekistonning majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi.