Misr poytaxti Qohirada o‘tgan o‘q otish sporti bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar termasi kumush medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Dunyo birinchiligida 10 metrdan pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha jamoaviy bahslar yakunlari bo‘yicha Muhammad Kamolov, Veniamin Nikitin va Ilhombek Obidjonov shohsupaga ko‘tarildi.

Bu o‘q otish sporti bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchun jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan ilk medal sifatida qayd etildi.

Seshanba kuni terma jamoa Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Tadbirda Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorat maktabi, O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Terma jamoa kichik tanaffusdan so‘ng oldinda turgan boshqa nufuzli musobaqalarga tayyorgarlikni davom ettiradi, deyiladi xabarda.