Kelgusi ikki yilda Toshkent metropolitenidagi stansiyalarning barchasi xatlovdan o‘tkazilib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratiladi. Bu haqda 21 oktabr kuni o‘tkazilgan Senat Kengashi majlisidan so‘ng «Gazeta.uz» muxbirining savoliga javob bergan Transport vazirligi deparmatent boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetov ma’lum qildi.

Majlisda asosiy e’tibor shaharsozlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlarini ta’minlash hamda barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan moneliksiz foydalanishlari uchun moslashtirishga qaratildi. Unda, jumladan, Toshkentdagi ijtimoiy obyektlarning 85 foizi nogironligi bor shaxslarga moslashtirilmagani ma’lum qilingan edi.

«Ayni paytda mamlakat bo‘ylab jamoat transportida 9 mingga yaqin avtobus faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 1100 ga yaqini yoki 13−15 foizi nogironlar uchun mo‘ljallangan pandusli avtobus hisoblanadi. Bular ham oxirgi besh yil ichida yangi olingan avtobuslardir», — dedi Ruslan Ro‘zimetov. Uning aytishicha, yig‘ilishda mavjud avtobuslarni xatlovdan o‘tkazib, ularni ham nogironligi bor shaxslarga moslashtirish va 2023−2024 yillarda ular uchun sharoiti bor avtobuslarni xarid qilish masalasi muhokama qilingan.

«Shuningdek, avtovokzallar, metro stansiyalari, bekatlarda panduslarning yo‘qligi, nogironlarga sharoitlar yaratilmagani hamda hojatxonalar, yo‘l infratuzilmalari va ko‘priklar bilan bog‘liq muammolar ham ko‘rib chiqildi. Bu masalalarga asosiy yechim sifatida har qanday yangi loyihada nogironlarning erkin harakatlanishi ko‘zda tutilib, so‘ng uni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Misol uchun, yangi qurilayotgan metro stansiyalarida sharoitlar mavjud. Ammo eski stansiyalarda yo‘q», — dedi u.

Unga ko‘ra, majlisda 1 dekabrga qadar barcha metro stansiyalarini xatlovdan o‘tkazib, 2023−2024 yillarda ularni qaytadan rekonstruksiya qilish va sharoitlar yaratish topshirig‘i berilgan. «2022 yil oxirigacha bu bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi va jarayon kelgusi ikki yil mobaynida yakunlanadi», — deya ta’kidladi Ruslan Ro‘zimetov.

Qayd etish joiz, metropolitendagi, xususan, uning yangi foydalanishga topshirilgan bekatlaridagi muammoli jihatlar ushbu majlisning o‘zida senator Odiljon Iminov tomonidan ko‘rsatib o‘tildi.

«Metro stansiyalarining ko‘plari panduslar bilan jihozlanmagan, bu esa shaharsozlik me’yorlari talablariga javob bermaydi. Masalan, Qo‘yliq bozoridagi (2020 yil avgustida ochilgan — „Gazeta.uz“ izohi) 7-bekatda pandus qiyaligi 45 darajani tashkil etmoqda. Amalda esa 8 daraja bo‘lishi kerak. Vagon va perron orasidagi bo‘shliq aravachalar yordamida harakatlanadigan shaxslar uchun jiddiy noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda», — degandi senator.

Senator Iminov aytgan, Qo‘yliqdagi 7-bekatda joylashgan qiyaligi 45 daraja bo‘lgan pandus. Foto: «Gazeta.uz»

Senator, shuningdek, «Chilonzor» stansiyasida 2022 yil boshida ishga tushirilgan va Toshkent metropolitenida dastlabki hisoblangan hojatxonaning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun noqulayliklarini ham sanab o‘tdi. «Hojatxonalardagi baland ostona, tor eshiklar (70 sm), ushlagichlarning mavjud emasligi, qo‘l yuvish rakovinalarining balandligi aravachalar yordamida harakatlanadigan nogironlarga ulardan foydalanish imkonini bermayapti», — dedi u.

«Gazeta.uz» Toshkent metrosining yangi stansiyalari nogironligi bor shaxslar uchun noqulay ekani haqida muntazam bong urib keladi.