O‘zbekistonning ma’muriy markazi 2045 yilgacha mo‘ljallangan Toshkentning bosh rejasi loyihasi asosida qurilishi ko‘zda tutilayotgan «Yangi Toshkent»ga qisman ko‘chishi mumkin. Biroq mamlakat ma’muriy markazini boshqa hududga ko‘chirish rejalashtirilmagan.

Bu haqda bosh reja loyihasi mualliflaridan biri, «ToshkentboshplanLITI» instituti direktorining shaharsozlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha o‘rinbosari Saidazim Sharipov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi («Gazeta.uz» bu haqda batafsil ma’lumot bergan edi).

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tajriba mamlakatlarning ma’muriy markazlari ularning iqtisodiy markazlaridan jug‘rofiy jihatdan alohida bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Masalan: Nyu-York (iqtisodiy markaz) — Vashington (ma’muriy markaz), Istanbul — Anqara, Frankfurt — Berlin, Olmaota — Ostona. Biroq, Sharipovning ta’kidlashicha, shaharning asosiy funksiyalaridan biri boshqa hududga ko‘chiriladigan bo‘lsa, bu salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

«Biz Samarqandni poytaxtga aylantirib, hamma narsani u yerga ko‘chirishimiz ham mumkin. Biroq unda hozirda mavjud ma’muriy hududlar nima bo‘ladi? Detroytdan sanoat shoshilinch ravishda boshqa hududga ko‘chirilganida, shahardagi hayot sezilarli yomonlashgan, jinoyatchilik oshgan. Anqaraning ma’muriy markazi Turkiya poytaxtining eng yaxshi tumani edi, biroq ma’muriy markaz shahar tashqarisiga ko‘chirilgach, bu tuman shahardagi eng yomonlaridan biriga aylandi», — dedi mutaxassis.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ma’muriy muassasalar kengayishi mumkin. Rivojlanayotgan shaharda oliy ta’lim muassasalari soni ko‘payadi, mavjud ta’lim muassasalarining shtati va talabalari soni o‘sib boradi. Biroq ular shahar markazi doirasida kengaya olmaydi, deya qayd etib o‘tib Saidazim Sharipov.

«Shaharning funksiyalarini ko‘chirish masalalarida ehtiyotkor bo‘lish lozim. Shuning bois oqibatlar haqida tasavvurga ega bo‘lish uchun biz xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etyapmiz. Muvozanatni saqlab qolish uchun ma’muriy markazni to‘liq emas, balki qisman ko‘chirish kerak. Kengayish esa aynan Yangi Toshkentda bo‘lishi kerak», — dedi u.

Toshkent bosh rejasi loyihasi bilan tanishish chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning me’moriy qiyofasini saqlab qolish uchun bo‘lajak qurilishlarning barini shahar tashqarisiga ko‘chirish haqida ko‘rsatma bergan edi.

Saidazim Sharipovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, poytaxtning me’moriy qiyofasi deyilganda an’anaviy mahallalar, shuningdek, Bobur, Navoiy va Shota Rustaveli ko‘chalaridagi arxitekturaviy ansambllar nazarda tutilmoqda. Ularni saqlab qolish uchun shahar markazida yirik obyektlar qurilishi to‘xtatilishi kerak. Biroq Toshkentda qurilishning to‘liq to‘xtatilishi uning iqtisodiy rivojlanishi sustlashuviga olib keladi.