O‘zbekistonda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari va imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilyapti. Bu Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilayotgan prezident qarori loyihasidan aks etgan («Gazeta.uz»da loyihaning nushasi mavjud).

Kengashlardagi deputatlar doimiy asosda ishlashi kutilmoqda. Hozirda bu tartib faqat parlament palatalarida o‘rnatilgan, Kengash deputatlari esa o‘z vakolatlarini jamoatchilik asosida, ishlab chiqarish yoki rasmiy ish faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshirmoqda.

Xususan, hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tuman yoki shahar Kengashlarida doimiy ravishda 2−3 deputat ishlashi va mahalliy budjetdan maosh to‘lash taklif etilyapti. Ular ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari boshqa oylik to‘lanadigan joylarda ishlay olmaydi.

Kengashlarning rolini oshirish va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida 2023 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar rejalashtirilgan:

  • tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod xalq deputatlari tuman hamda shahar Kengashida eng ko‘p o‘ringa ega bo‘lgan siyosiy partiya guruhi tomonidan ilgari surish tartibi joriy etiladi;
  • tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzodni xalq deputatlari Kengashida aholini qiynayotgan ustuvor muammolarni hal etishga hamda cheklangan resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha batafsil chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hududni rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilgandan so‘ng lavozimga tasdiqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga joylardagi hokimlar o‘rinbosarlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining viloyat, tuman va shahar bo‘linmalari rahbarlarini lavozimdan ozod etish bo‘yicha takliflar kiritish huquqi beriladi.

Deputatlik nazoratini o‘rnatish 2023 yil 1 yanvardan boshlab xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatlari guruhi tomonidan tegishli tuman (shahar) hokimiga «ishonchsizlik votumi»ni taqdim etish tartibi joriy etiladi.

Ushbu masalani ko‘rib chiqish uchun Kengash deputatlarining kamida uchdan bir qismining ovozlari talab qilinadi. Bunday qarorni qabul qilish uchun esa hokim tomonidan vazifalarni bajarishda qonunni buzish, manfaatlar to‘qnashuvi yoki mahalliy budjet mablag‘larini sarflashda qonunchilik talablari buzilishi asos bo‘lishi mumkin. Agar Kengash deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan bo‘lsa, ishonchsizlik ovozi qabul qilingan hisoblanadi.

Bunday tashabbus bilan 2019 yil dekabr oyida O‘zLiDeP partiyasidan Qonunchilik palatasidagi deputat Rasul Kusherbayev chiqqandi. «Tuman va shahar deputatlari hokimga ishonchsizlik bildirish va shu orqali uni lavozimidan ozod qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak… Deputatlar bilan hisoblashishlari uchun ushbu mexanizmni soddalashtirish kerak. Hozir ularni hech kim jiddiy qabul qilmaydi», — degandi parlament a’zosi.

Qaror loyihasi, shuningdek, viloyat, Toshkent, shahar va tuman Kengashlari deputatlariga hokimlar tomonidan qonunni buzgan holda qabul qilingan hujjatlarni bekor qilish vakolatini berishni nazarda tutadi (qonunda nazarda tutilgan maxsus tartibga solish hollari bundan mustasno).

Kengashlar hokimning noqonuniy qarorlarini deputatlar tashabbusi bilan yoki tegishli organlarning taqdimoti asosida 15 kun muddatda ko‘rib chiqishlari mumkin. Ta’kidlanganidek, qarorni bekor qilish uchun deputatlarning kamida uchdan ikki qismining ovozi talab qilinadi.

Shuningdek, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab aholi tashabbusi bilan deputat mandatini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

«Yo‘l xaritasi»ga ko‘ra, dekabrga qadar hokimlar va Kengash raislarining vakolatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surilyapti. Hozirda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlarini boshqaradi, shu sabab nazorat va muvozanat tamoyiliga rioya qilinmayapti. Loyihada esa Kengash raislari har 2,5 yilda deputatlar orasidan saylanishi qayd etilgan.

Avvalroq, prezident qarorining mazkur loyihasi doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 28 tumanda hokimlarning vakolatlarini kengaytirib, mahalliy boshqaruvning maxsus tartibini joriy etish ko‘zda tutilgandi. Xususan, ularga respublika ijroiya organlarining tuman va shahar bo‘limlari rahbarlarini tayinlash va lavozimidan ozod etishga ruxsat berish kutilmoqda.