Toshkent viloyati Chirchiq shahrida 3 nafar shartnoma asosida ishlaydigan harbiy xizmatchi bankomatlarni buzishga uringani haqida xabar berilgandi. Mudofaa vazirligi raddiya bilan chiqib, gumondorlar vazirlikka aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, harbiy xizmatchilar toifasiga O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Prezidenti davlat xavfsizligi xizmati va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralarning qo‘shinlar tarkibida xizmat qilayotgan shaxslar kiradi.

«Qo‘lga olingan harbiy xizmatchilarning Mudofaa vazirligiga hech qanday aloqasi yo‘q, ular Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlari harbiy xizmatchilaridir», — deyiladi vazirlik raddiyasida.

Ma’lumotlar tarqatishdan avval harbiy xizmatchilar qaysi bir vazirlik yoki idora vakili ekanligi aniqlangandan so‘ng, aniq faktlarga asoslangan holda tarqatilishi maqsadga muvofiqligi bildirib o‘tilgan.

«Umumiy ravishda tarqatilgan ma’lumotlar barcha vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari sha’niga putur yetkazishi mumkin», — deya yakunlangan Mudofaa vazirligi raddiyasi.