O‘quv yilining ilk kunini talabalar qanday kutib olganini yoritish maqsadida “Gazeta.uz” muxbirlari poytaxtdagi “Talabalar shaharchasi"da bo‘lishgandi. Unda aksariyat talabalar va ularning ota-onalari universitet talabalar turar joyidan umidvorligi, ijara uylarda turish uchun yo imkoniyat yoki xohish yo‘qligini bildirishgandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar Toshkent shahrida 35053 nafar talaba TTJga joylashtirilgan. 73384 nafari o‘z uyi va yaqin qarindoshlarinikida, 36970 nafari esa ijarada yashamoqda. Hozirda 3 mingga yaqin talabalarda turar joyga ehtiyoj borligi aniqlangan. 2022 yil 11 oktabr holatiga ko‘ra, 1013 nafar talaba “Tashkent Index"da istiqomat qilmoqda. Vazirlik vakilining izohlashicha, joriy yilning 3−5 oktabr kunlari “Indeks” savdo majmuasida yashab kelayotgan 124 nafar talaba qiz bo‘sh turgan Toshkent pedagogika kollejining yotoqxonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston jahon tillari universitetining 520 nafar talabasiga Chilonzor tumanidagi Qatortol savdo MCHJ hududidan joy berilgan.

Qiziq, yildan-yilga binolar bilan boyib, yangidan-yangi uylar qurilayotgan, nomi turli City`lar bunyod bo‘layotgan non shahri — poytaxtda nega talabaga boshpana topilishi qiyin? Nima uchun uy egalari ijarachi sifatida talabalarni tanlamaydi? Ijara uylari haqidagi e’lonlar peshtaxtasiga “Talabalar bezovta qilmasin, faqat oilaga beriladi” jumlasining odatiy holga aylanishiga sabab nima? Muammoning yechimi qanday? “Gazeta.uz” talabalar, uy egalari, uy oldi-sotdisidagi vositachilar bilan suhbatlashib, bir qancha savollarga javob izladi.

Muammo nimada: talabalar nima deydi?

O‘zJOKU Xalqaro jurnalistika fakultetini shu yili tamomlagan Dilruh Isomiddinova Qashqadaryo viloyatidan. 1 kurs payti qarindoshinikida yashagan, 2 kursdan ijara uyga ko‘chgan. Shu vaqtgacha 4 ta ijara uyda turgan.

Foto: Shaxsiy arxividan.

Dilruh Isomiddinova:

— 2019 yildan beri ijarada yashayman. To‘rt marta kvartira almashtirdim. 1 kursligimda Bektemir tumanida, ammamnikida turganman. Yeb-ichish, kommunal to‘lovlar haqida bosh qotirmagan ekanman. Faqat yo‘lga ketadigan xarajatlarga pul sarflardim, xolos. Ammam xuddi onamdek mehribon, pochcham talabchan edilar. O‘zlari ham ikki qiz, bir o‘g‘ilni o‘stirishardi. Bolalar ulg‘aygani sari xona, uy ko‘zimga torayayotgandek tuyulardi. Ulardan hecham bunaqa munosabat bo‘lmasa-da, o‘zimni ortiqchadek his qilganman. Ikkinchi kursda yaqin dugonalarim ham talaba bo‘lgach, birga ijara uyda turishga kelishdik.

Yashash joyi sifatida yotoqxona varianti menda umuman bo‘lmagan. Chunki yotoqxonaning belgilangan vaqti, tartib-qoidalari bor. Ammo ijod odami qandaydir rejim, tartibga amal qilgisi kelmaydi. Qolaversa, universitetimiz yangi bo‘lgani uchun u paytda yotoqxonasi hali bitmagandi.

2 kurs boshlanishiga sanoqli kun qolganda uy izlashga tushganmiz. Tog‘amning tanishi Yunusoboddan joy topib bergan. Shoshilinchda, faqat “xozyaykali” uyning daragi chiqqan. Ikki xonali uyda er-xotin ikki bolasi bilan turishgan. Tog‘amning tanishlari ularning yaxshi oila ekani, ayoli ham juda kamtar, eri kechki payt kirakashlik qilishi va uyda bo‘lmasligi, hech qanaqa zarari tegmasligini aytgan. Kvartira judayam oddiy, kichkina xonada uch qiz turganmiz. Men tushdan keyin, dugonalarim esa ertalabki smenada o‘qirdi.

Bir kun o‘qishdan qaytsam, kelinoyi (uyning bekasi) yo‘q ekan. Bilsak, qarindoshinikiga ketibdi. Kelasi kuni tongda qizlar o‘qishga ketdi, men odatdagidek uyda qoldim. Kelinoyining eri ham ishdan qaytgandi. Juda xijolat bo‘ldim. Oradan qanchadir kun o‘tib, kelinoyi bilan gaplashib qolsak, u erining raqamini “blok"ka solishimiz, uyning to‘lovlari masalasida uning o‘zi bilan gaplashishimizni aytdi. Hayron qoldik. Gapida davom etib, erining qizlarga “suyagi yo‘q"ligi, bir necha marta begonalar bilan tutib olgani, xavfsizlik nuqtai nazaridan shunday qilishimiz yaxshiligin ta’kidladi.

Angladikki, bu yerda ortiq turolmaymiz. Boshqa uy izlashga tushdik. Bir kursdoshimning tanishi orqali Chilonzordagi “Cho‘ponota” mavzesidan topdik. Vaqt ziqligidan tezroq ko‘chish kerak edi, bu safar ham “xozyaykasiz"ini topolmadik. “Cho‘ponota"da bizdan kichikroq qiz ikki ukasi bilan bir xonali uyda yashardi. U yerda ikki yildan ko‘proq yashadik. Opa-singildek, ukalari ham ukamdek bo‘lib ketgan edi. Lekin qishloqdan kelgan qarindoshlari turli yumush bilan bir necha kun, haftalab qolishardi. Bir-ikki marta erkak qarindoshlari kelganida noroziligimizni aytsak, qizning Rossiyada ishlayotgan dadasi: “O‘zimning uyim bo‘lib turib, yaqinlarimni begonanikiga qo‘yamanmi?”, qabilida javob qaytardi.

2021 yilning avgustida Afg‘oniston chegarasidan reportaj tayyorlagani ketgandim. Uyning egasi cyentyabr boshida akalari o‘qishga kelishi va shu uyda turishi, biz esa boshqa joy topib chiqib ketishimizni aytdi. Nega ertaroq aytmaganini so‘rasam, o‘zi ham endi xabar topganini bildirdi. Surxondaryoda kechasi uxlamasdan telefonimdagi raqami bor hammaga yozib, yordam so‘radim, topilmadi. Toshkentga qaytganimizda ham Telegram kanallar, guruhlar, OLX`dan izlayverdim. Axiyri “Shahriston” metro bekati tomondan topildi. Bir qiz opasi turmushga chiqqani uchun yoniga qiz olmoqchi bo‘lib yurgan ekan. Boshqa joy topilmaganidan, yana noiloj “xozyaykali” uyda yashaydigan bo‘ldik.

Bir xonali, sharoitlari, uy egasi bilan ham munosabatlarimiz yaxshi edi. Ammo muammolar yana eshik qoqa boshladi. Qizning onasi erta mahaldan qaytishimizni aytib, ko‘p tergab turardi. Ularni ham tushunaman, ammo men ishlardim. Yumushim istalgan paytgacha cho‘zilishi mumkin, har doim erta qaytish esa imkonsiz. Qolaversa, yana o‘sha muammo — qarindoshlar keldi-ketdisi ko‘paydi. Yurish-turishimizga qarar, o‘ta shaxsiy — to‘y, unashtiruv, yigitlar masalasida har xil savollar berishar, bu esa menga yoqmasdi.

Keyin bildimki, “xozyaykasiz” uy har xil boshog‘riqlarga davo ekan. Shunday manzil izladim. Yashash joyi odamning faqatgina kundalik ehtiyojlarini qondiradigan manzil bo‘lmasligi kerak. Uxlash, ovqatlanish, jon saqlashdan tashqari yana xotirjamlik tushunchasi ham bor. Ko‘ngil tinchlik topmagan manzilda yashab, o‘zimni qiynashdan nima foyda? 2022 yil aprelidan beri ko‘p uy izladim. Tanishlar, internetdagi e’lonlar orqali menga uchragan variantlarning aksari yo berib yuborilgan, yo “talabalarga berilmaydi” sharti bo‘lar, yoki sharoiti yoqmasdi. O‘qish va ishimga yaqin joy — Mirzo Ulug‘bek tumanidan bir xonali uy topildi. Ammo unda ham egasi “faqat oilaga beraman”, degan shart qo‘ygandi. Biz ham yaxshi variantligimizni aytib, ularning fikrini o‘zgartirishga urindik. Ishxonamizdagi menejer opa bilan uyga borib, nafaqat o‘qishimiz, balki ishlashimiz, oilaga qo‘yiladigan talablarga javob berishimizni aytdik, murosaga harakat qilib kelishdik. Birga ishlaydigan dugonam bilan ko‘chib o‘tdik keyin.

Uy egasi yoki biror vakili bilan yashash — cheklov degani. Ijara narxi kam bo‘lganigami turli buyruqlar ko‘payadi. Masalan, hozir ikki kishi bir xonali uyga 200 dollar to‘laymiz. Kommunal to‘lovlar ham o‘zimizdan bo‘lgani uchun ko‘p narsani ehtiyojimizga qarab, erkin holatda ishlatamiz. Avval uy egasi bilan yashaganda 300−350 ming so‘m, 60 dollarlar to‘laganmiz. Uy egasi yoki biror vakili nimanidir ishlatishga miqdor belgilab qo‘yishlari mumkin. Masalan, “Cho‘ponota” tarafda yashaganimizda suv ko‘p ketmasligi uchun haftada ikki marta soch yuvish, faqat yakshanba kuni hamma kirlarni yig‘ib, kir mashina ishlatish mumkin bo‘lgan.

Shu yili Jahon tillari universiteti Ingliz tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan Ma’rufjon Abdug‘aniyev esa yotoqxonadan joy berilmagani uchun 4 yil ijarada yashagan. Bu vaqt oralig‘ida 7 marta kvartira almashtirgan.

Foto: Shaxsiy arxividan.

Ma’rufjon Abdug‘aniyev:

— Ba'zi xonadonlardan bir haftada ham chiqib ketgan paytlarimiz bo‘lgan. Asosiy sabab — kvartiraga me’yoridan ortiq odam olinishi yoki yuqori narx edi. Masalan, 3 xonali kvartiraga 8 kishi olinib, to‘lovi kishi boshiga 60 dollardan tushardi. 8 kishi bilan na yashab bo‘ladi, na o‘qib.

Bir xonali kvartirada 2 kishidan 5 kishigacha turganmiz ham. Kommunal to‘lovlarni odatda o‘zimiz ko‘tarardik.

Bundan tashqari, makler xizmati o‘ta qimmat (kvartira to‘lovining 50 foizi). Internetdan izlaganimdayam e’lonlarda odatda “o‘g‘il bola qo‘ymaymiz” yoki “talabalar olinmaydi” degan jumlalar bo‘lardi.

O‘zJOKU 4 bosqich talabasi Sher-Ali Bo‘riboyev ham to‘rt yildan beri ijarada yashab kelmoqda. Shu vaqt ichi olti marta kvartira almashtirgan. Poytaxtda talaba uchun hadeganda uy topilavermaganidan sovuq kunlari derazasi yo‘q, ta’miri bir ahvol uyda yashashga majbur bo‘lganini aytadi.

Foto: Shaxsiy arxividan.

Sher-Ali Bo‘riboyev:

— To‘rt yildan beri Toshkentda bo‘lsam, faqat kvartirada yashadim, yotoqxonadan joy ololmadim. 6 marta kvartira almashtirdim. Topish ham qiyin bo‘lardi. O‘g‘il bola ijarachilar yaxshi turmaydi, xonalarni toza tutmaydi degan noxolis, har doim hammaga to‘g‘ri kelmaydigan qarash bor. Shuning kasriga qolganmiz.

Birinchi marta “Beruniy” metro bekati yaqinida turganman. Hovli edi. Katta hovlida judayam ko‘pchilik yashar va bu ancha noqulay edi. Ustiga-ustak o‘qishga uzoqlik qilgan. Boshqa joy izlayotsam, universitet talabalariga “Ko‘zi ojizlar” maktabidan vaqtinchalik yotoqxona qilib beradigan bo‘lishdi. Keyin o‘sha yerga o‘tdim. U yerda ham ikki oycha turgandik, keyin chiqarib yuborishdi. Sovuq, noyabr oyi edi. Uch kun ketma-ket kvartira izlaganmiz. 250 dollarga Yunusoboddan bir xonali uy topildi. Olti jon yashashga kelishdik.

Uy judayam abgor holatda edi. Ba’zi derazalari yo‘q, sellofan qoqib qo‘yilgan. Devorlarini mog‘or bosgandi. Hojatxona, hammom ham aytib bo‘lmas ahvolda edi. Undan qishloqning issiq-sovuq suvi yo‘q hammomlari yaxshi edi. Xonadoshimiz bir marta ovqatni qozonga solib, qopqog‘ini yopmagan. Oshxonaning ohakli qatlamidan kattagina bo‘lagi qozonga tushib erib ketibdi. Ko‘rmaganmiz. Ovqatni suzdik, ichib tursak, ohak g‘uborlari chiqib keldi. Noiloj bir qozon mastavani tashlab yubordik. Shu holatni boshimga har qiyinchilik kelganda eslayman.

Lekin u yerdan chiqib ketolmaganmiz. Narxlar qimmat, uning ustiga talabaga uy hadeganda topila qolmaydi. Uy egasining talabi va ko‘chada yurish-turishda oson bo‘lishi uchun ijara shartnoma tuzganmiz. Ammo daromad solig‘ini o‘zimiz to‘laganmiz. Shartnoma tuzish to‘lovi ham bizning hisobdan bo‘lgan. Bu 2019−2020 yillarga to‘g‘ri keladi.

O‘shandan beri bir nechta joy almashtirgan bo‘lsak, ikki xonali uyga 300 yoki 350 dollardan 6−8, ba’zan 9 kishilashib turganmiz. Bir oyda 300 ming so‘mga yaqin kommunal to‘lovlarga berardik. Ijara narxining esa oyog‘i osmonda. Bunday xarajat qilib 4−5 kishi tursak ham qiynalib qolishimiz tayin edi.

Chilonzordagi kvartira egasi mol-mulk solig‘ini ham bizga to‘latgani esimda. Uy egasi talaba qo‘yib, o‘sha uydan daromad olyaptimi, yer-mulk solig‘ini o‘zi to‘lashi kerak. Qanchalik norozi bo‘lmaylik, u-bu deb, xohlasak, chiqib ketishimiz mumkinligini aytib, majburlab to‘latgan.

O‘zMU Iqtisodiyot fakulteti 4 bosqich talabasi Husniddin Umaraliyev ham kvartirada turishni o‘zi ma’qul ko‘rgan. U dastlabki ikki kursda 7 marotaba ijara uyi almashtirgan.

Foto: Zakovat Quiz.

Husniddin Umaraliyev:

— Menda haydalish degan narsa bo‘lmagan. Ko‘proq narx, sharoit, masofa masalasi tufayli yashash joyimni o‘zgartirardim. 1 kursimda akamning shaharda ishlaydigan o‘rtog‘ining yoniga borganman. “Yunusobod-18” dan “Beruniy"ga qatnardim. Undan keyin internetda yotoq-joyli ish so‘radim, qo‘ygan e’lonim bo‘yicha qo‘ng‘iroq bo‘ldi, gaplashdik. Ular ortopedik poyabzal tayyorlab sotishar ekan. Bordim, sharoitlarni ko‘rdim, hammasi yaxshi, kosiblar uchun alohida oshxona, yotoqxona bor edi. Ustaxona ham qulay. Boshida o‘rganib, shogirdlik qiladigan bo‘ldim, keyin-keyin ishbay maosh olishga kelishdim. Bir haftacha yurdimmi, bilmayman, usta bilan chiqisholmadik. Ustaga ishim yoqmadimi yoki boshqa sababmi, umuman to‘nini teskari kiyib oldi, ketadigan bo‘ldim. U paytda “Chorsu"da talaba qarindoshlarim yashardi. O‘sha yerga borishga majbur bo‘ldim. 2 kursda esa o‘qishga karantindan keyin — qishda chaqirildik. Universitetda nazoratlar yaqin, topshiriqlar platformalarga joylangan, bu yoqda esa ijaraga uy topish muammosi. 2−3 kun kursdoshlar bilan Chilonzordagi uy bozorga qatnadik. Topilmadi. Hammamiz to‘g‘ri kelgan, topilgan joyga ketdik. Men yana akamning tanishi bilan turdim.

3 bosqich talabasi Xolida Musulmonova Jizzax viloyatidan. Ikki yil universitet (O‘zJOKU) yotoqxonasida turib, uchinchi yili mustaqilroq bo‘lish niyatida kvartiraga ko‘chgan. Hammasi shundan keyin boshlangan.

Foto: Shaxsiy arxividan.

Xolida Musulmonova:

— Toshkentga kelgach, ikki yil universitet yotoqxonasida turdim. O‘ylab qarasam, u yerda tilla baliqchadek yashagan ekanman. Shu o‘quv yilidan o‘zimni katta sanab, yana 1 kurslarning kvotasi ancha ko‘paygani, yotoqxona ham ko‘proq ularga berilsa kerak deb, dugonalarimiz bilan birga didimiz va cho‘ntagimizga mos kvartira izladik. Sergeli, Yunusobod, hamma hududlarni ko‘rdik.

Bir kuni dugonam Yunusobod tumani 6 mavze, o‘qishga yaqin joydan internet orqali kvartira topganini aytdi. U bilan gaplashgan opa ijara puli va makler haqini oldindan to‘lash sharti bilan ijara shartnoma tuzish va’dasini beribdi. O‘sha payti ijaradorlar negadir shartnoma qilishga ko‘navermasdi. Bitta uchqunni ko‘rib, quvonganimizdan kvartiraga ko‘chib o‘taveribmiz. Keyin bilsak, o‘zini makler deb tanishtirgan Lola opa qizi bilan aslida o‘sha uyda yasharkan. Boshida chiqib ketishi, boshqa kvartirasi borligini aytgandi. Ammo hadeganda ketavermadi. U uyda bizdan tashqari boshqa talaba qizlar ham bor edi. Ijara shartnomasini ham erta-indin deb cho‘zaverdi.
Bir kuni ikki yigit militsiya xodimlari bilan eshik qoqib keldi. Uyda Lola opaning qizi bor edi. Oyisining viloyatga ketganini aytdi. Boya shu yerda yurgan odam to‘satdan ketishi g‘alati edi. Bilsak, yigitlar bizdan oldin shu uyda 2 yoki 3 kun yashagan, adashmasam, oldindan 300 dollar to‘lagan, keyin chiqib ketgan ekan. Ayol esa 200 dollarini qaytarib, qolganini qarz-havola qilib, ana beraman, mana beraman, deb aldab yurgan. Yigitlar esa boshqa chora topolmay, nozir bilan kelishibdi. Aslida ona-bola ham bizga o‘xshagan ijarachilar ekan.

Aldangandik. Ikki kishi 700 ming so‘mdan 1,4 mln so‘mni ko‘chganimizga hali bir hafta bo‘lmay to‘lagandik. Bunaqa yolg‘onchilar bilan bir uyda yashashga ko‘zimiz yetmay, opaning qiziga tilxat yozdirdik. Dastlab qaytarib berishlari, xohlasak, ular bilan boshqa kvartiraga chiqishimiz mumkinligini aytishdi. Shubha-gumonlar ichida qoldik. Pulni olishimiz bilan o‘zimiz boshqa joyga chiqib ketishni rejaladik.

Pulimizni qaytarishlarini talab qilaverdik. “Yashasang, tinch yasha, bo‘lmasa, chiqib ketlaring. Bergan puling 500−700 ming so‘m bo‘lsa, shunga shunchami?”, — deb haqoratlashga o‘tdi opa. Jahlimiz chiqib, xunobimiz oshib, ish-o‘qishga borib kelaverdik. Ikki kundan keyin o‘sha yigitlar eshik qoqib keldi. Lola opa esa yana yo‘qolib qoldi.

Ayol firibgarlik yo‘llariga o‘tdi. Biz u yigitlardan ayolning qandayligini eshitdik. Buni bilib qolgan ayol: “Nega ular bilan gaplashasanlar, o‘rtalaringda nima bor?”, deb bizni yomonotliqqa chiqardi. “Qizimga tilxat yozdirib olishga nima haqqing bor? Men Toshkentga kecha paydo bo‘lib qolgan odam emasman. Senlar kechagina yo‘limdan uchrab qolgan talaba emassanlar. 20 yildan ber shu yerda yashayman. Kerak bo‘lsa, mana shu uyga ikki ayolni kirgizib, o‘g‘rilikda, shaxsiy mulkka hujumda ayblayman. Sumkalaringga shunday narsalarni tashlab qo‘ymanki, qutulib chiqolmaysanlar!”, deb tahdidlar qildi. Bir tomondan bizni o‘g‘riga, ikkinchi tarafdan beodob qizlarga chiqardi. Uchinchidan, pulga tushganmiz.

Kvartiradan tezda chiqib ketib, maxsus organ xodimlariga xabar bermoqchi bo‘ldik. Lekin bayram kunlariga to‘g‘ri kelib, ko‘chada qoldik. Muammolarga o‘ralashib, yo‘l topolmay, viloyatga qaytishga qaror qildik. Yuklarimizni esa ishxonamizga olib borib qo‘yishga kelishdik.

Uydagilarga o‘tgan voqealar haqida tish yormadim. Menimcha, aytishim xato bo‘lardi. Olisda o‘qiyotgan farzandining bunday sarson yurganini bilish ota-ona uchun og‘ir. Faqat men emas, ko‘pchilik do‘stlarim kelajagiga xalal beradigan bunday mayda muammolar haqida uydagilarga aytishni, dod-voy solishni xohlamaydi. Aslida, mana shu shaharda o‘qishimizga ruxsat berib qo‘ygani ota-onalarimizning bizga bergan eng katta imkoniyati.

Uy egalari nima deydi?

Yuqoridagi besh talabani uy egasi bilan bog‘liq muammoli vaziyat boshqa boshpana izlashga majbur qilgan. Toshkentdagi uy egalarining talaba ijarachilar borasidagi fikriga qiziqdik. Jami 7 yil ichida ikkita uyida talabalarni ijaraga qo‘ygan, ismi sir tutilishini xohlagan opa ularning yaxshi ijarachi emasligini ta’kidladi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Uy egasi:

— 2012−2019 yillari, 7 yil davomida talabalarni ikkita uyimizda ijaraga qo‘yganmiz. Taxminan, bir va besh xonali uylarimizda talaba ijarachi almashgan. Xulosam shuki, talabalar — yaxshi ijarachi emas. Ulardan hech qachon rozi bo‘lmaganman. Menga uchraganlarining hammasi yolg‘onchi, mas’uliyatsiz edi.

Muddati doim bir yil bo‘lgan. Ammo shu davrda talablarimizga javob bermagani uchun aksariyatini vaqtidan oldin chiqarib yuborishimizga to‘g‘ri kelardi. Uy egasi ijarachiga hech qachon yomonlik tilamaydi. O‘z bolasi, ukasi, singlisidek ko‘radi. Masalan, ota-onaning aytganini qilmasa, ular ham urushadi-ku, uy egasi ham shunday. Uchta o‘zgarmas talabim bo‘lgan: tozalik, ijara, kommunal to‘lovlarni vaqtida to‘lash va uyga begonalarni olib kelmaslik.

Sotib olganimizda ikkala uyimning ham ichi bo‘m-bo‘sh edi. Oyligimiz hisobiga bittalab narsa yig‘ganmiz. Shunga yarasha hammasini toza tutishlarini xohlardim. Talabalar oshxona, hammomni orasta tutmaydi. Ayniqsa, qizlar mehmonnavozlikni yoqtiradi. Qo‘shnilarimning hammasi keksalar bo‘lgani uchun ulardan e’tiroz eshitishni istamasdim.
Ilk talaba ijarachilarni tozalikka bee’tibor bo‘lgani, keyingilarini kommunal to‘lovlarni vaqtida to‘lmagani, uchinchi ijarachilarni esa uyga o‘g‘il bolalarni olib kelgani uchun chiqarib yuborganman. Oradan qanchadir muddat o‘tib, yana talabalarga duch keldim. O‘zMUda o‘qiydigan samarqandlik ikki talaba qiz mendan kvartirani olib, o‘zlari yashamay boshqa bir oilani ijaraga qo‘ygan. Ular uyim uzoqdaligini bilishardi.

Bir safar ishim tushib, o‘sha manzilga borishimga to‘g‘ri keldi va ogohlantirmasdan eshikni qoqdim. Bir ayol va erkak chiqdi, hayron qoldim. O‘zimni poliklinikadan kelgan hamshira sifatida tanishtirib, ulardan kimligini so‘radim. Shu uyda turishlarini aytishdi. Ovozlarini telefonim diktofoniga yozib oldim. Ertasi kuni ogohlantirib, qaytadan bordim. Uydan qizlar chiqib keldi. Kecha kelganimda oila turganini aytib, yozib olgan ovozimni eshittirdim. Lom-lim deyishmadi. Qizlarni ham, oilani ham o‘sha zahoti chiqarib yubordim. Qizlar uy egalaridan kvartirani arzonroqqa olisharkan-da, ustiga summa qo‘shib boshqalarga yashash uchun berisharkan. Juda ko‘p ijarachi uyini talabaga berishni xohlamaydi. Men ham endi faqat oila uchun beraman.

Birovning uyida turibsizmi, hamma narsa omonat. Ularni asramaslik, shikast yetkazish omonatga xiyonat. Tasavvur qiling, siz paypaslab yurgan muzlatkichda pishloq, non yoki boshqa narsalar mog‘or bosib yotibdi. Har ijarachiga uyni berishdan oldin gilamlarni yo o‘zim yuvaman yoki yuvdiraman. Lekin talabalarga berganimda ko‘p vaqt o‘tmasdan shu darajada kir bo‘lardiki, ustiga tuproq sepsangiz ham unday holga kelmaydi-da! Talaba ijaraga turadigan uyida uzoq muddat, deylik, 3−4 yil bo‘lsa ham yashamasligini biladi. Bir o‘quv yilida turaman-ku deb, o‘zining uyidek ko‘rmaydi.

Men endi talaba qo‘ysam, 150 dollarlik uyimni 300 dollarga beraman. Chunki bilaman, ular menga yana 150 dollarlik zarar yetkazadi. Shuning uchun qimmatga beraman.

Viloyatdan Toshkentga o‘qishga kelgan qarindoshlariga, turmush o‘rtog‘ining boshpanasiz qolgan talabalariga o‘zi yashab turgan uyidan joy berib keluvchi Madinabonu Nuriddinova ham talabalarga uy berilmasligini ularning betartibligi bilan izohladi.

Madinabonu Nuriddinova:

— Toshkentda yashovchi viloyatlik aksariyat odamlarning uyida o‘qishga kirgan qavm-qarindoshining bolalari kelib yashaydi. Jumladan, biznikida ham ko‘p tanishlarimiz o‘qishga kirgach, ancha muddat yashashadi. Turmush o‘rtog‘im Tolib Najmiddinov uzoq yillar Jahon tillari universitetida dekan o‘rinbosari bo‘lib ishlaganlarida boshpana topmagan talabalarni uyimizga olib kelardilar. Ular 2−3, ba’zan uy topolmasa bir necha oylab, ayrim paytlari kvartirasidan chiqarib yuborilganda biznikida qo‘nim topishardi. Bilishimcha, faqat biz emas, universitetdagi juda ko‘p ustozlar shunday bag‘rikenglik qilarkan.

Ijarachilar nega talabaga uy bermaydi? Qarindoshlarim, yaqin tanishlardan eshitaman — talabalar uyni betartib tutadi. Shuning uchun ijarador chog‘gina kvartirasini oilaga berishni xohlaydi. Yaqinda birinchi yo‘lakdagi ijara uydan talaba qizlarni chiqarib yuborishdi. Yangi ta’mirlangan ikki xonali uyni olti qiz juda yomon ahvolga keltirgan. Oddiygina gigiyenik tozalashga ham qo‘l siltashgan ekan.

Ijara uylar narxlari qancha?

Telegram`dagi turli guruhu kanallar, OLX va shu kabi boshqa manbalarda ijara uylari to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib boriladi. Shuningdek, Toshkentning turli nuqtalarida uy bozorlari ham mavjud. Haqiqiy manzarani ko‘rish niyatida “Chilonzor” dehqon bozori ichidagi uy bozorida bo‘ldik. Ham o‘qib, ham maklerlik qiladigan Hojiakbar Yusupov ijara narxlari cyentyabr boshidan ko‘tarilib ketgani, 400−500 dollarga ikki xonali uylar borligi, bunga maklerlarning aloqasi yo‘qligi, narxlarni uy egalari ko‘tarishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bunday uylarda talaba bir oygina yashashi, keyin narxi ko‘tarmay chiqib ketishi ehtimoli yuqori.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Hojiakbar Yusupov:

— Ham makler, ham talabaman. TDPUda 4 kursda o‘qiyman. Birinchi kursdan beri shu ish bilan shug‘ullanaman. Hozir uy bozoriga talab siyraklashdi. sentabr boshlarida ko‘p edi. Bu yil talabalar avgust o‘rtalarida kelishdi. 300 dan 500 dollargacha narxlandi uylar. Ichi bo‘m-bo‘sh, faqat ta’mir va gilami bo‘lgan 150−200 dollarlilari ham bor edi. Ikki xonali uyda 5 kishi yuz dollardan to‘lab turadi. Lekin bir-ikki oy yashagach, narxini ko‘tarolmay nisbatan arzonroq bo‘lgan “xozayka"li uyga chiqib ketadi. Ular majburlikdan, ko‘chada qolmaslik uchun shu narxda olishadi.

Narxni uy egalari ko‘taradi, maklerlar shunchaki vositachi, xolos. Biz 50 foizga ishlaymiz. 300 dollarlik uy uchun ijarachidan 150 dollar olamiz. Hammaning vaziyatiga qarab, albatta. Tushuntirishsa, narxidan o‘tib ham yuboramiz. Bizga ham ish bo‘lgani yaxshi-da. Yil davomida har kuni kelaman. Uy egalari ham, ijaraga uy oluvchilar ham shu yerga keladi. Birovi uyini ko‘rsatadi, boshqasi ko‘radi.

Undan “Maklerlikda tajribangiz bor ekan, bunday qimmat ijaradan talabalar tez chiqib ketishi, uyi bo‘shab qolsa, egasiga zarar bo‘lishi, undan ko‘ra o‘rtacha narxda uzoq muddatga bergani yaxshi ekanini aytmaysizmi?”, deb so‘radik.

Yusupov Hojiakbar:

— Puli yaxshi-da, baribir. Ular uzoqni o‘ylamaydi. Agar bunday taklif bersam, meni aql o‘rgatganga yo‘yib, boshqa maklerga o‘tib ketadi. Orada o‘zim nonsiz qolib ketaman. Shuning uchun ijaraga uy beruvchi ko‘p tarafdan ustun keladi.

Bozorning bir chetida makler oldidagi qog‘ozga tikilib turgan yigitlarga ko‘zimiz tushdi. Talabalar ekan. Oralaridan faqat biriga savol beroldik.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Sanjar Jumaboyev:

— Kvartira izlab keldim. Hozir uydan qatnayapmiz. Angrenlikmiz. Narxlar qimmat. Ko‘pchilik ikki xonali uyga to‘rt kishini 400 dollarga qo‘yishini aytyapti. Shunda kishi boshiga yuz dollardan tushadi. Buni eshitiboq imkonimiz yetmasligini bilib, sharoitiga qiziqmayapmiz ham. O‘tgan yili ham shu yerdan qidirgandik, topilmagach, ikki haftacha uyimizdan qatnagandik, keyin yotoqxonadan joy berishgandi. Sergelidagi Tashkent Indeks’dan joy berishlarini aytishdi. Ariza berib qo‘ydik. Lekin Sergeli ancha uzoq-da. O‘qishimiz “Beruniy” metro bekatining yonida, Toshkentning ikki tarafida sarson bo‘lamiz deb qo‘rqamiz. Topilib qolar, uch kishilashib izlayapmiz. Besh kishi tursa bo‘ladigan joy izlayapmiz. Odam boshiga 50 dollardan tushsa, ko‘tara olamiz. O‘qishimizga yaqinroq bo‘lsa, yanada yaxshi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Ismi sir tutilishini xohlagan makler ham talabalarning betartib hayot kechirishidan shikoyat qildi. O‘rtacha sharoiti bor uylarni ham ularga kamdan kam berishlarini ta’kidladi. Ammo ayrim hollar mustasno ekan. Masalan, talabaning qaysi oliy o‘quv yurtida o‘qishiga qarab, yaxshi uylar hech muammosiz berilishi mumkin.

Makler:

— Talaba yangi va yaxshi uyning rasvosini chiqaradi. Odamda farosati bo‘lmasa, ming talab qo‘ysangiz ham foydasi yo‘q. Ko‘p uy egalari talaba qo‘ymasligini bildirganda sababini so‘rayman. Ularning tajribasida talabalar bilan bog‘liq noxush holatlar kuzatilgan bo‘ladi. Deylik, 10−15 ming dollarlab ta’mir uchun pul sarflagan uyiga talabalar bir oy turib, nimasinidir buzgan, sindirgan, kir qilgan bo‘ladi. O‘sha uy qaytadan ta’mirtalab bo‘ladi. Xarobroq uylarga oilalar turmasligini bilib, “talabalar qo‘yiladi”, deb e’lon berishadi.

Yaxshi, tozalikka rioya qiladigan talabalar ham yo‘q emas. Ularga uy beradiganlar ham bor. Masalan, Vestminster, Diplomatiya universitetlari, Singapur institutida o‘qiydiganlarga so‘zsiz berishadi.

Bir yildan beri maklerman. Talabalar yil bo‘yi uy so‘rab keladi. Mijoz cyentyabr va fevralda ko‘payadi. Narxlari ko‘tarsa, sharoitlari ma’qul kelsa, olib beraveraman.

Hozircha talabalar uchun eng arzoni 400 dollar bo‘ldi. 500−600 dollarga ham olishadi. Bitta uyga to‘rt kishi turamiz deyishadiyu, bir oydan keyin sakkiz kishi yashayotgan bo‘ladi. Keyin uyning egasi chiqarib yuboradi. Ayb kimda? Talabadami, uy egasidami yoki maklerda? Aybdorni topish qiyin. Hammasiga sabab narx qimmatligi. O‘zbekiston sharoitida oddiy, oylikka yoki qandaydir yollanma, mavsumiy ishlarda ishlaydiganlar uchun 300 dollar juda katta pul. Shahar sharoitida ham 500−600 dollar oylik oladigan odam 300 dollarini uy ijarasiga bersa, qolgan ehtiyojiga yetmaydi. Tirikchiligidan ortmaydi.

5−6 kun avval ijarachi topib berish uchun uy rasmini yuborishdi. Chilonzor 25 dahadan. Bir xonali, xolos. Ichida hech vaqosi yo‘q. Devorlarining ohakli qatlami ko‘chgan, temirsimon narsalari zanglagan. O‘sha uyni 300 dollarga bermoqchi! Shunaqa vaziyatlarda imkon qadar uy holatiga qarab narxini tushirishga harakat qilamiz. Uy narxi o‘rtacha bo‘lsa, meniyam bozorim chaqqon bo‘ladi. Sharoiti yaxshi 200 dollarli uylarni kuniga 4−5 tadan topshirsam, o‘zimga foyda-ku.

Suhbatimiz bo‘lindi. Chamasi, 20 yoshlardagi bir yigit “Kvartira bormi?”, deb maklerning yoniga keldi. Makler esa salom berib, “Kvartira bor, lekin talabalarga yo‘q”, dedi.

Xorij tajribasi qanday?

Telegram’dagi “Yevropa sarguzashtlari” kanali muallifining yozishicha, talabalar ijarasi bo‘yicha Yevropada holat anchayin tartibli. Student house’lar ko‘p bo‘lib, talaba uy qidirib sarson bo‘lmaydi. Ularda talaba to‘liq ijara uyi narxidan ikki barobargacha arzonga turishi mumkin. Xususiy yotoqxonalar ochish va ijara jarayonini to‘liq qonuniylashtirish, ikki tomonlama ijara shartnoma tuzish va depozit tizimidan foydalanish “faqat oilani/faqat qizlarni qo‘yaman” muammosiga yechim bo‘la oladi.

Gulsanam Roziqova:

— Kelganimizdan beri Yevropada faqat oilani qo‘yamiz degan e’lonni hech uchratmadim. Daniya, Sloveniya, Ispaniya va Avstriyada talabalar uchun Student house — xususiy yotoqxonalar bor. Butun boshli uy kichik xonalarga bo‘lib-bo‘lib, talabalar uchun moslab jihozlanadi.

Masalan, Daniyada kursdoshlarim 2−3 xona, bitta umumiy hammom va oshxonadan foydalanadigan uyda yashashardi. Bitta xonada 1−2 kishi turadi. Parta-stuldan tortib, fenu tosterlargacha bor. Hatto sochiqlar ham beriladi. Kishi boshiga ijara haqi to‘laqonli kvartira ijara narxidan 2−2,5 barobar arzon.

Masalan, biz — er-xotin jihozlanmagan studio (hammom, oshxona ichida) ijarasi uchun 650 yevro to‘lasak, Student house`dagi kursdoshlarim 270−350 yevro to‘lashardi. Xonada bir o‘zi tursa, narxlar xona sharoitiga qarab 420−450 yevrogacha chiqadi. Bu talaba uchun ham, uy egasi uchun ham foydali: uy egasi bitta 3 xonali kvartiradan kamida 900 yevro, 2 kishidan turishsa, 1800 yevro ishlaydi. Talaba esa butun kvartirani 2−3 baravar qimmatga olmasdan, to‘liq jihozlangan, qulay va shinam xonada 300−400 yevroga yashaydi.

Sloveniya va Ispaniyada ham shunday house`lar ko‘p. Kvartira egalari ham e’lonlarida “faqat oilaga beraman”, deb cheklov qo‘ymasligining sababi — shartnoma borligida. Ijara shartnomasida soat nechidan-nechigacha shovqin qilmaslik zarurligigacha yoziladi. Necha kishi tursa, shuncha kishi shartnomaga kiritiladi va mehmon olib kelish-kelinmaslik sharti ham belgilanadi.

Besh xonali uyda tursangiz ham faqat ikki kishiga shartnoma tuzilgan va mehmon olib kelish cheklangan bo‘lsa, tamom. Ortiqcha kishi olib kelgan kuningiz jarima to‘laysiz yoki uy egasi shartnomani bekor qilib, depozitingizni qaytarmay uydan chiqarishi mumkin.

Kamida 1−2 oylik ijara haqi depozit sifatida to‘langani uchun uy egasi xotirjam yuradi. Chunki chiqib ketayotganda uy rasvo bo‘lsa, tozalash xizmatini chaqirib tozalatish va ta’mirga ehtiyoj bo‘lsa, usta va kerakli mahsulotlar haqi kabi xarajatlar o‘sha depozitdan qoplanadi. Agar depozitidan umidi bo‘lsa, uyni chinnidek tozalab, qirilgan, dog‘ qilingan devorlarni oppoq qilib qo‘yish ijarachi uchun manfaatliroq.

Shunaqa qonuniy shartnoma va depozit tizimi ishlasa, uyda kim turishining ahamiyati qolmaydi. Depozit katta zararlarni qoplashga yetmasa, uy egasi qolgan miqdorni sud orqali undirib oladi. Bularning bari shartnomada yozilgan bo‘ladi.

Noinsof uy egasi depozitni qaytarmasa-chi?

Gulsanam Roziqova:

— Uy egasi Yevropada ham insofli emas. Qonun ishlamasa yoki ijarachi huquqini qonunan himoya qilishga erinsa, uy egasi depozitni qaytarmaslikdan qo‘rqmaydi. Bizning va xorijdagi uy egalarining farqi shunda. Yevropada ijarachi sudga bersa, uy egasi sud xarajatlarini ham qo‘shib, ortig‘i bilan qaytarishini bilgani uchun aksariyat holda depozitni vaqtida qaytaradi. Lekin imkon qadar kamroq qaytarishga urinadi, albatta.

Daniyadagi kvartiramizdan chiqishda hamma joyni chinnidek yaltiratib tozalagandik. Uyni agentlik boshqarardi. Agentlik xodimi kelib, devorlarni, pollarni ultrabinafsha nurli uskunada tekshirgan. Devorda 2 ta bilinar-bilinmas dog‘ borligi uchun bo‘yoq qildiramiz deb depozitdan 200 dollarcha ushlab qolishgan.

Sloveniyada uy egasi bilan shaxsan kelishganmiz. Shuning uchun depozitni to‘liq qaytargan. Ispaniyada esa depozitning 700 yevro (deyarli 1 oylik ijara haqi)ga yaqin qismini uy egasi ushlab qolgan. Asosan, qishda elektr isitgichni ko‘p yoqib, elektrni haddan ortiq ko‘p ishlatganimiz uchun ortiqcha to‘lovni qoplash va tozalatish xarajatlari uchun. Tag‘inam uyni tozalab ketganmiz.

Insof izlash kerakmas. Qonun ishlashi kerak va undan foydalanishda erinmaslik kerak.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Turkiyada xonadonda uy egasidan ko‘ra, ijarachining haqqi ko‘proqdek”

“Azon.uz” ta’sischisi Mubashshir Ahmadning yozishicha, Turkiyada qonunlar ijarachining huquqlarini qattiq himoya qiladi, ijarachi ko‘chada qolib ketmasligi uchun hamma choralar ko‘rilgan, uy egasi esa ijara narxini xohlagan paytda oshira olmaydi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi ayni damdagi ijara masalasidagi inqirozli davrda parlament ham tezkor ishlashi, ijarachi huquqlarini himoya qiladigan qonuniy asoslar yaratilishi kerak.

Mubashshir Ahmad:

— Turkiyada bir tanishimizga kvartira sotib oldik. Pulini to‘laganimizda bilsak, uy ichida ijarachi bor ekan. Ular uy topgunimizcha shu yerda yashaymiz, deb turib oldi. Na sotuvchi va na xaridor ijarachini ko‘ndirolmadik. Turkiya qonunlari ijarachini qattiq himoya qilar ekan. Advokatlar agar sudlashsangiz olti oylarda chiqarishingiz mumkin, dedi. Ikki tomon yalinib-yolvorib bir oy deganda zo‘rg‘a chiqardik. Bunday muvaffaqiyatga erishish uchun ijarachining yuklarini yangi uyiga tashib bermadik, xolos. Boshqa hamma yaxshilikni qildik. Ijarachi ham turk emas, chet ellik edi.

U yerda ijarachi ko‘chada qolib ketmasligi uchun hamma qonuniy chora ko‘rilgan ekan. Uy egasi ijara narxini xohlagan paytda oshira olmaydi. Yilda faqat 25 foizgacha oshirishi mumkin ekan. To‘lovlar faqat lirada hisob qilinadi. Inflyatsiya bo‘lsa ham uy egasi emas, chet ellik ijarachi yutadi. Xullas, xonadonda uy egasidan ko‘ra, ijarachining haqqi ko‘proqdek tuyuldi menga.

Bizda ham ijarachi huquqlarini himoya qiladigan ana shunday qonuniy asoslar yaratilishi kerak. Bunday krizis davrlarda parlament ham tezkor ishlashi lozim. O‘zbekistonda ijara shartnoma va depozit tizimidan qay darajada foydalaniladi?

Suhbatdoshlardan ijara shartnoma va depozitdan foydalanish-foydalanmasligi, agar qo‘llasa, qanday shartlar nazarda tutilishini so‘radik.

Dilruh Isomiddinova:

— Ijara shartnomasini faqat oxirgi kvartiramni olayotganda tuzdim. Birinchi va ikkinchi kvartirada ijara shartnoma qilish xayolimga ham kelmagan.

Ijara uchun depozit tizimidan foydalanmaganman. Faqat oxirgi ijara uyimizga ko‘chayotganda ijara narxining bir barobari miqdorida, ya’ni qo‘shimchasiga 200 dollar to‘laganmiz. Kvartira egasi va makler tushuntirishicha, bu to‘lov oxirgi yashaydigan oyimiz uchun bo‘lgan. Ya’ni chiqib ketayotgan oyimiz ijara puli to‘lamasligimizni aytishgan.

Ma’rufjon Abdug‘aniyev:

— Faqat bir martagina bir yillik shartnoma qilganmiz. Lekin shartlarini eslolmayman. Bir nechtasida uy egasi shartnoma qilishni xohlamagan. Lekin uy egasi bilan og‘zaki kelishuv bo‘lardi. Deyarli hammasida kvartira puli oldindan to‘lanardi. Depozit tizimidan foydalanmaganman. Bunday tizim borligini bilardim, Lekin shartnomasiz depozitdan foydalana olmasdim.

Sher-Ali Bo‘riboyev:

— Yunusobod va Chilonzor tumanidagi uylarda ijara shartnoma qildirganmiz. Uy egalari shartnoma qildirish uchun ketadigan xarajat va uyiga ijaraga odam qo‘yib daromad olganda davlatga to‘lashi kerak bo‘lgan daromad solig‘ini ham bizga to‘latgan. Lekin shartnomani na uy egalari, na biz so‘ramaganmiz. Chunki doim ko‘pchilik bo‘lib yashaganmiz. To‘g‘risini aytsam, depozit tizimidan hali ham bexabarman. Biror uyning egasi ham depozit haqida gapirmagan.

Husniddin Umaraliyev:

— Hozirgi va bundan oldingi turgan joyimizda shartnoma tuzganmiz. U yerda ikki tomon huquq-javobgarliklari aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. Menimcha, shunday bo‘lgani yaxshi. Yana ijara joyini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelsa, shartnoma tuzib turgan bo‘lardim. Shartlar asosan odam soni bilan bog‘liq bo‘lardi. Toza, saranjom tutish ham shuning ichiga kiradi.

Uy egasi:

— Talabalar bilan bir martagina, o‘zlari rozi bo‘lmasa ham ijara shartnoma tuzganman. Shundan keyin boshqa talaba qo‘ymadim. Talabalar bilan ijara shartnoma tuzishdan oldin bu masalada qattiq pand yegandim. Turmush o‘rtog‘im bilan namunali, yaxshi deya xulosa berishgan bir oilani 5 xonali uyimizga kiritdik. Bir chaqalog‘i va yana 3−4 yashar o‘g‘li bor edi. Lekin er-xotin shu uyda qo‘shmachilik qilib kelgan ekan. Buni bilgan zahotimiz haydab yubordik, davlatga jarima ham to‘ladik. Shartnoma tuzilganda uydagi har qanday holatga ijarachining o‘zi javob beradi. Shuning uchun ijaradorga ikki tomonlama shartnoma tuzishni tavsiya qilaman.

Darvoqe, faqat talabalar emas, yomon oilalar ham bor. Talabalarga doim qayishganman. Shu bois depozit ham olmaganman. Ijara pulini ham 5-sanaga kelishgan bo‘lsak, 25-sanada arang olardim.

Madinabunu Nuriddinova:

— Agar ortiqcha uyim bo‘lsayu, talaba qo‘ysam, albatta, shartnoma tuzardim. To‘lovlar, tozalash, boshqa talablarni belgilab berardim. Chunki ertaga juda abgor, ta’miri buzilgan uyni qaytarib olishni istamayman. Yana olov, gaz chiqishi kabi ko‘ngilsizliklar kuzatilishi mumkin. Agar shunday holatlar sodir bo‘lsa, mening ham bu borada sug‘urtam bo‘lishi kerak.

Tozalash-tartibga vaqt yo‘qmi yoki hammasi bahona?

Talabalar uy egalari va maklerlar aytganidek betartibmi? Suhbatdosh yigit-qizlardan: “O‘zingizning ham Toshkentda uyingiz bo‘lsa, talabaga ijaraga berarmidingiz? Tozalik masalasi-chi?”, deb so‘radik. Javoblar o‘xshash chiqdi: uy ishlari taqsimlanadi, har yakshanba umumiy tozalov va hokazo. Ular Toshkentda uylari bo‘lsa, albatta talabaga ijaraga berishi, boshqalarning ham qiynalishini xohlamasliklarini ta’kidlashdi.

Talabalar ijarasi: muammoni qanday yechish mumkin?

Madinabonu Nuriddinova:

— Ijarachilarni oilali yoki talaba deb ajratish noto‘g‘ri. Sababi talaba ham birovning farzandi, bizning kelajagimiz. Balki shuning uchun ham turmush o‘rtog‘im doimiy ravishda begona bo‘lsa ham talabalarga uyimizdan boshpana berganlar. Talabalarga “Chorsu” mehmonxonasini restavratsiya qilib, joy hozirlansa, muqobil yechim bo‘ladi deb o‘ylayman. Bir necha yildan beri bo‘sh yotibdi, eshitishimcha, xonalari qandaydir standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Ichida 100 dan ortiq xona bor, e’lon berilsa yoki universitetlar bilan shartnoma, komendantlik tizimi joriy qilinib, ma’lum summa belgilanib, xonalar ikki kishilik yoki to‘rt kishilikka ajratilsa, talabalarning katta qismi qamrab olinadi. OTMlarga qavatlar bo‘lib berilsa, mas’uliyat ham oshadi, xodimlari kelib, tekshirib, javobgar bo‘lib turadi.

Sergelida esa bo‘sh, ishlamayotgan zavod-fabrikalar bor. Shularni qaytadan ta’mirlab, turar joyga moslash mumkindir.

Sher-Ali Bo‘riboyev:

— Talabalar kvartirasi bo‘yicha aniq bir taklifim, muqobil yechimim yo‘q. Lekin Turkiyada talabalar yotoqxonasini tadbirkorlar quradi. Ular davlat yotoqxonasidan sal qimmat va kvartiradan arzonroq bo‘ladi. Bu boshpana izlab sarson yurgandan ancha yaxshi. Tadbirkorlarga subsidiyalar berilsa, yerlar nol qiymatida ajratilsa, ular ham bundan foyda olishi mumkin.

TTJ qurish tadbirkorlarga qiziq emas

Darvoqe, 2021 yil 9 sentabrda talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar qurilishi bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etiladi. Shundan hududlarda 2022 yilda 47 ta, 2023 yilda 67 ta, 2024 yilda 62 ta, 2025 yilda 52 ta talabalar turar joylarining qurilishi belgilangan.

Rejaga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston bo‘yicha DXSH asosida 47 ta yotoqxona qurilishi kerak edi. Ammo iyulgacha faqatgina 2 ta universitetda yotoqxona qurilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishlar kechikishini DXSH asosida talabalarga turar joy qurish taklifiga tadbirkorlar qiziqmagani bilan izohlagan.

“Prezidentimiz tomonidan subsidiyalar miqdori uch barobarga oshirilib, tadbirkorlarga mulkka egalik huquqining 22 foizi berilgach, may oyidan 8 tadbirkordan tashabbus bildirildi. Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlar ham tanlab olinadi. Chunki u yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lmasligi kerak. Mana shu jarayonlar vaqtni biroz cho‘zdi. Shuning uchun bu yilda biroz kechikish bo‘ladi. Kelgusi yili buni yetkazib olamiz”, — deya ta’kidlagandi Buzrukxonov.