12 oktabr kuni BMT Bosh Assambleyasi ko‘pchilikning ovozi bilan “Ukrainaning hududiy yaxlitligi: BMT Nizomi tamoyillariga hurmat” rezolyutsiyasini qabul qildi, unda Rossiyaning Ukrainaning to‘rtta hududini anneksiya qilishini qoraladi, deb xabar bermoqda BMT axborot xizmati.

Rezolyutsiyani rekord darajada — 143 ta davlat qo‘llab-quvvatladi. 5 ta davlat — Rossiya, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Nikaragua bunga qarshi ovoz berdi. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston, Hindiston, Xitoy va Pokiston kabi 35 ta davlat betaraf qolgan.

Rezolyutsiya Ukraina bo‘yicha 11-favqulodda maxsus sessiyada qabul qilingandi. Dushanba kuni u qayta tiklandi. Yig‘ilishda 80 ga yaqin ma’ruzachi so‘zga chiqdi. Navbatdan tashqari sessiyaning birinchi yig‘ilishi 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgandi. Maxsus sessiyalarni o‘tkazish BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridan birortasining veto qo‘yish huquqini chetlab o‘tishga imkon beradi, ayni vaziyatda — Rossiya Xavfsizlik Kengashida Ukraina hududida uning harakatlarini qoralovchi rezolyutsiyani bloklagandi.

“Bosh Assambleya Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi hududlarda noqonuniy referendumlar tashkil etilishini hamda Ukrainaning Donetsk, Zaporoje, Lugansk va Xerson viloyatlarini noqonuniy anneksiya qilishga urinishlarni qoralaydi”, deyiladi rezolyutsiyada.

Uning hammualliflari Rossiyaning 23−27 sentabr kunlari Ukrainaning to‘rtta viloyatida o‘tkazilgan noqonuniy referendumlar bo‘yicha “noqonuniy harakatlari” va keyinchalik ushbu hududlarni noqonuniy ravishda qo‘shib olishga urinishlari yuridik kuchga ega emasligi va Ukrainaning ushbu mintaqalarining qonunini o‘zgartirish uchun asos emasligini ta’kidladi.

Rezolyutsiyada barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar va BMTning ixtisoslashgan idoralari Rossiya tomonidan Ukrainaning Donetsk, Zaporoje, Lugansk va Xerson viloyatlarining birortasi yoki barchasi maqomi o‘zgartirilishini tan olmaslikka chaqiriladi. Hujjat mualliflari har qanday o‘zgartirilgan maqomni tan olish sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan harakat yoki qadamlardan tiyilishni qat’iy talab qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Moskvadan Ukrainaning Donetsk, Zaporoje, Lugansk va Xerson viloyatlarining ayrim hududlarining maqomi to‘g‘risidagi 21 fevral va 29 sentabrdagi Tashkilot Nizomi tamoyillariga zid keladigan qarorlarini “Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzgani uchun” darhol, va so‘zsiz bekor qilishni talab qildi. Assambleya Rossiyaning barcha qurolli kuchlarini Ukraina hududidan xalqaro tan olingan chegaralari doirasida “zudlik bilan, to‘liq va so‘zsiz” olib chiqib ketishni so‘radi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sentabr oyi oxirida Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlarida referendumlar o‘tkazilgandan so‘ng, mamlakat boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga sodiqligini ma’lum qilgandi.