Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida fuqaro qalbaki 13 400 AQSh dollariga avtomashina xarid qilmoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlandi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Departamentning Shahrisabz tuman bo‘limi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi. Unda aniqlanishicha, fuqarolar A.J. va R.M. o‘zaro til biriktirib, fuqaro M.ga tegishli bo‘lgan Cobalt avtotransport vositasini 13 400 AQSh dollariga sotib olishga kelishgan. Xaridorlar unga aldov yo‘li bilan avtotransport vositasi uchun 134 dona 100 AQSh dollarlik qalbaki kupyuralarni bergan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.