Bosh prokuratura huzuridagi departamentining xabar berishicha, Jizzax shahrida va Samarqand viloyatining uchta hududida maqsadli kreditlarni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari aniqlangan.

Xususan, departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Qishloq qurilish bank»ning Jizzax mintaqaviy filiali sobiq boshqaruvchisi U.Yu., «Z.B.» MCHJga jiyani O.ni rahbar sifatida tayinlab, ushbu MCHJga yuk avtotransport vositalarini xarid qilish uchun 1,5 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishgan.

Keyinchalik 1,3 mlrd so‘mlik transport vositalarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida «N.M.» xususiy korxonasi rahbari N.M. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan eshik, deraza va mebel ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish maqsadida 640 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, bu mablag‘larni maqsadsiz ishlatib, talon-toroj qilgani aniqlangan.

Bundan tashqari, departament Nurobod tumanida «T.Ch.» MCHJ rahbari I.Q. hududiy tijorat banki filialidan MCHJga hamda oila a’zolariga chorva mollarini sotib olish maqsadida ajratilgan 410 mln so‘m kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatish orqali talon-toroj qilganini aniqladi.

Samarqanddagi yana bir holatda, Toyloq tumanidagi YATT Sh. D., «O-A.» fermer xo‘jaligi rahbari O.U. va boshqalar shu tumanida yashovchi 10 nafar fuqaro nomiga kartoshka urug‘i olish uchun jami 237 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishgan. Keyinchalik ular ushbu kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.