Juma kuni O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishni bir haftaga — 20 oktabrdan 27 oktabrga ko‘chirishga qaror qildi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

MBning qayd etishicha, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan jahon va savdo hamkorlardagi iqtisodiy istiqbollar bo‘yicha yangilangan prognozlar va 2022 yilning III choragi bo‘yicha O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari oktabr oyining ikkinchi yarmida e’lon qilinadi.

«Ishlab chiqilayotgan makroiqtisodiy tahlil va prognozlarda ushbu yangilangan ko‘rsatkichlar asos bo‘lishini inobatga olib, Markaziy bank asosiy stavkasini ko‘rib chiqish va Pul-kredit siyosati asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini tasdiqlash bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi tayanch yig‘ilishi joriy yilning 27 oktabrida o‘tkazilishi belgilandi», — deyiladi xabarda.

Bu stavkalarni ko‘rib chiqish yig‘ilishining bir yil ichida ikkinchi marta kechiktirilishidir. Mart oyi boshida, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ikki hafta o‘tib, Markaziy bank «yirik savdo hamkorlari iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarni baholash uchun qo‘shimcha tahlil o‘tkazish zarurati» tufayli o‘z yig‘ilishini keyinga qoldirgan edi.

O‘tgan oyda Markaziy bank asosiy stavkani 15 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator kelgusi oylarda narxlarga yuqori ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatarlarning mavjudligini e’lon qildi. Biroq Markaziy bank yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya prognozini o‘zgartirmadi.