Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 30 sentabr kuni navbatdagi videomurojaati orqali NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishini e’lon qildi.

«De-fakto, biz allaqachon NATO yo‘lini bosib o‘tganmiz. De-fakto, biz Shimoliy Atlantika alyansi standartlariga mos kelishimizni allaqachon isbotladik. Ular Ukraina uchun haqiqidir — ular jang maydonida va o‘zaro munosabatlarimizning barcha jabhalarida haqiqiydir», — dedi davlat rahbari.

Bundan bir qancha soat oldin, 30 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Ukrainaning Zaporoje va Xerson viloyatlarining Rossiya nazoratidagi hududlarini Rossiya tarkibiga qo‘shilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Vladimir Putin o‘z nutqida Ukrainani yana bir bor muzokara stoliga qaytishga chaqirdi.

Vladimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida Ukraina muzokaralar sa’y-harakatlarida yetakchi bo‘lgani va shunday bo‘lib qolayotgani hamda aynan Ukraina Rossiyaga har doim teng, halol va adolatli sharoitlarda birga yashashga kelishib olishni taklif qilganini aytdi.

«Shubhasiz, bu Rossiyaning ushbu prezidenti bilan mumkin emas. U sharaf va qadr nimaligini bilmaydi. Biz Rossiya bilan muloqotga tayyormiz, lekin Rossiyaning boshqa prezidenti bilan», — dedi Ukraina rahbari.