27 sentabr kuni prezident «Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish» loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 381-sonli qarorga imzo chekdi. Bu haqda Norma axborot portali yozmoqda.

24 iyunda O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot banki bilan loyiha uchun 25 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan 150 mln AQSh dollari miqdorida qarz ajratish bo‘yicha bitim imzoladi.

Qaror bilan «Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish» loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, shuningdek, «Jondor» va «Bobotog‘» subloyihasi tasiqlandi. Shuningdek, mazkur loyiha uchun Osiyo taraqqiyot bankidan jalb etiladigan qarz bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish va foizlar to‘lashning prognoz jadvali belgilandi.

Loyihaning umumiy qiymati 194,9 mln AQSh dollarga teng. O‘zbekistonning hissasi $40,2 mln ekvivalentida, shundan $26,6 mln respublika budjeti hisobidan QQSni qoplab berish va bojxona bojidan ozod etish shaklida ajratiladi.

Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi 3 mln AQSh dollari, Osiyo taraqqiyot bankining Yuqori texnologiyalar jamg‘armasi esa 0,3 mln AQSh dollari yo‘naltiradi. Fermer xo‘jaliklari ulushi 1,38 mln AQSh dollarini tashkil qiladi.

7 yilga mo‘ljallangan loyihani amalga oshirishda «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan maxsus texnikalar, mexanizmlar va texnologik uskunalar bojxona bojlari va soliq to‘lovlaridan shartli ozod etiladi.

Loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida amalga oshiriladi.

Bunda Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi. Vazirlik loyihani amalga oshiradi, qarz va grant mablag‘laridan maqsadli hamda samarali foydalanish, shuningdek, barcha maqsadli ko‘rsatkichlariga erishilishini ta’minlaydi. Loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish funksiyalari vazirlik huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markaziga yuklanadi.

Osiyo taraqqiyot bankining qarzini so‘ndirish, shuningdek, foiz, qarz bo‘yicha komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston budjetidan to‘lanadi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 27 sentabrdan kuchga kirdi.