O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolovga jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov seshanba kuni ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, chora «o‘z faoliyatini davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda tashkil etmagani, hokimlarga qo‘yiladigan talablarga rioya etmasdan majlis qatnashchilarini haqorat qilganligi va bu bilan keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgani uchun» qo‘llanilgan.

Avgust oyi oxirida tarmoqlarda Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov Angor tuman prokurori Sirojiddin Ramazonovni haqorat qilgani aks etgan audio tarqalgan edi. Viloyat hokimligi «mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan»ini ma’lum qildi.

sentabr oyi boshida prezident viloyatdagi barcha maktablarda qurilish va ta’mirlash ishlari tugallanmagani uchun hokimni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgan edi. Shavkat Mirziyoyev Angor tumani prokurori bilan bo‘lgan suhbatga to‘xtalib, «Agar charchagan bo‘lsangiz, sizni ham lavozimingizdan chetlataman», dedi.

Ko‘p o‘tmay, To‘ra Bobolovning Qiziriq tumani hokimi va klaster rahbarini qo‘pol ravishda qoralagan yangi audioyozuv paydo bo‘ldi. Hokimlik yozuv yanvar oyida olinganini ma’lum qildi va suhbat chog‘ida hokimning asabiy holatini yana bir bor qayd etdi.