O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining payshanba kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida eksport sohasida erishilgan yutuqlarga to‘xtaldi.

««Men shaxsan prezident bo‘lib, paxta hozir necha foiz bajarilganini bilmayman. Chunki manfaat bo‘lsa, fermerlar, klasterlar o‘zi bajaraveradi. Oldin qanday edi, yilning 3−4 oyi egilib paxta terish bilan o‘tardi. O‘qituvchi ham, shifokor ham, ziyoli ham dalada bo‘lardi», — deya davlat rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirdi Kun.uz.

U yaqinda yirik bir davlat rahbari o‘zidan paxtani eksport qilishni so‘raganini ma’loum qildi.

«Eksportga paxta yo‘q, to‘liq qayta ishlayapmiz» desam ishonmadi. Chunki oldin eksportimiz asosi paxta bilan gaz bo‘lardi. Hozir esa paxtani ham, gazni ham eksport qilmayapmiz. Hatto gazni chetdan sotib ham olyapmiz. Sababi, sanoatimiz rivojlanyapti. Ana shunday ikki asosiy mahsulot chetga sotilmasa ham eksportimiz hajmi 2016 yilga nisbatan 5−6 barobar oshdi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda O‘zbekiston 717,3 mln dollarga gaz eksport qilgan, bu qiymat jihatidan (jismoniy hajmlar bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilinmagan) 2020 yilga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘pdir.

2022 yilda eksport hajmi oshdi — sakkiz oyda 645,9 mln dollarlik gaz yetkazib berildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 60,9 foizga ko‘pdir. Mazkur mablag‘ning 138,9 mln dollari aprelda, 122,6 mln dollari may oyida, 72 mln dollari iyunda, 101,3 mln dollari iyulda va 120,5 mln dollari avgustda tushgan.

O‘zbekistonga gaz importi 35,9 foizga kamayib, 76,2 mln dollarni tashkil etdi.

Yozda «O‘ztransgaz» rahbari Behzot Narmatov O‘zbekiston 2025−2026 yillarga borib ichki iste’molning o‘sishi tufayli gaz eksportini butunlay to‘xtatishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Hozir O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning qariyb 10 foizi Xitoyga eksport qilinmoqda.Paxtaga kelsak, bugungi kunda O‘zbekiston haqiqatan ham asosiy xomashyo o‘rniga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda. Yanvar-avgust oylarida to‘qimachilik mahsulotlari eksporti mamlakat umumiy eksportining 17,2 foizini — 2,18 mlrd dollarni tashkil etdi. Mahsulotlarning asosiy qismini ip-kalava (49,6%) va tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlari (25,8%) tashkil etadi. Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston hatto 48,4 mln dollarlik to‘qimachilik tolasini import qildi (o‘sish 3,5 barobar).