O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida turizm bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilishni buyurdi. U bu haqda Nurafshonda xalq vakillari bilan suhbat vaqtida aytib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA.

Bu bilan davlat rahbari Toshkent viloyatidagi turizm sohasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini tanqid qildi.

«Dam olish kunlari Toshkent viloyati yo‘llarida katta tirbandliklar bo‘ladi. Chunki hamma Bo‘stonliqqa chiqadi. Nega Parkentda ham shunaqa tizim qilmaymiz? Parkent shashligi va somsasini ko‘pchilik yaxshi ko‘radi-ku», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunga ko‘ra, prezident mas’ullarga viloyatda turizm bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilishni buyurganini qayd etdi. «Asosiy yuk Bo‘stonliqqa tushyapti, lekin bu yerda ham loyihalar oxiriga yetkazilmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan», — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, imkoniyatlar yetarlicha, biroq ulardan foydalanilmayapti. «Odamlarga sharoit yaratib berilsa, dam olishga chiqishni xohlaydiganlar juda ko‘p. Xudoga shukr, xalqimizda pul bor. Lekin ularga yetarli sharoit yo‘q», — deya tanqid qildi u.

«Parkent, Angren va Ohangaron tog‘li hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi», — dedi davlat rahbari.