Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan oliy ta’lim muassasalari oldida yuklarini ko‘targan talabalar va ularning ota-onalari yotoqxonadan joy olish ilinjida yig‘ila boshladi. «Gazeta.uz» muxbirlarining «Talabalar shaharchasi»dan tayyorlagan va talabalarning yotoqxona yoki ijaraga uy olishdagi muammolari aks etgan maqoladan so‘ng 9 sentabr kuni oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov matbuot anjumani o‘tkazdi. O‘sha kuniyoq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev talabalarni Tashkent Index hududidagi 10 ming o‘rinli binoga joylashtirishni taklif qildi. Shundan so‘ng Yangihayot tumanida joylashgan va talabalar uchun hozirlanayotgan mazkur obektdan «Gazeta.uz» fotoreportaji e’lon qilindi.

Oradan o‘n kun o‘tib, talabalar ko‘chishni boshlagan va yashayotgan yotoqxonadan «Gazeta.uz» muxbirlari Mirolim Isajonov va Madina A’zam reportaj tayyorladi.

«Ehtiyojdan kelib chiqib 3,5 ming talabaga joy qilindi»

Tashkent Index hududidagi talabalar turarjoyining ma’lum qismi tayyor bo‘lgani va u yerga talabalar yashash uchun ko‘chib o‘tayotganini eshitgach, reportaj tayyorlashga qaror qildik. Yotoqxonaga kechki payt borib, talabalar o‘qishdan qaytgan va ayni hayot qaynagan mahalda ularning yashash tarzini kuzatishni rejalashtirdik. Kechki soat 18:30 da taksi orqali yo‘lga chiqib, poytaxt markazidagi tirbandliklar tufayli manzilimizga 50 daqiqada yetib bordik. Biz o‘ylagan va kutganimizdek yirik savdo markazidagi talabalar yotoqxonasida ayni hayot boshlangan manzara ustidan chiqdik: kimdir yemak tayyorlash uchun qo‘lida qozoni bilan oshxona tomon chopmoqda, yana kimdir endi o‘qishdan qaytmoqda, ayrimlar ma’naviyat xonalarida uyga vazifalarni bajarish bilan band, ular orasida kitob o‘qiyotgani ham bor. Ba’zi talabalar ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib, yotoqxonada yashash uchun kelmoqda. Vazirlik, hokimlik va oliy o‘quv yurtlari vakillari ham shu yerda…


Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi talaba va o‘quvchilarning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish markazi direktori Fozilbek Farhodovning ma’lum qilishicha, Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘n kun ichida ehtiyojdan kelib chiqib 3,5 ming talabaga joy qilindi. 20 sentabr holatiga ko‘ra, 1681 nafar talaba joylashtirildi. Boshpanaga ehtiyoj sezib, o‘zi xohlab kelayotgan talabalar soni har kuni ortib bormoqda.

«Poytaxtdagi barcha oliy ta’lim muassasalari rahbariyatiga mazkur savdo majmuasida yotoqxona tayyorlanayotgani, jarayon davom etayotgani to‘g‘risida xabar berilgan. Ayni paytga qadar 11 ta oliy o‘quv yurtining 1681 nafar talabasi mas’ullar bilan keldi va ularga joy berildi», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, talabalarning o‘qish grafigidan kelib chiqib, avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan. Ular yigit-qizlarni ertalab soat 07:00 dan 08:30 gacha savdo markaziga yaqin metro bekatlariga bepul eltib qo‘ymoqda.
«Bilamizki, Toshkent shahrida erkin hamda aholi ehtiyojiga qarab reja bilan ishlaydigan avtobuslar mavjud. „Toshshahartransxizmat“ bilan hamkorlikda erkin ravishda harakatlanadigan avtobuslardan 4 tasi talabalar uchun jalb qilindi», — deydi vazirlik mas’ul xodimi.


Fozilbek Farhodov bu yerdagi bir oylik to‘lov narxi har bir talaba uchun 200 ming so‘m etib belgilanganini qayd etdi.

«Har yiligidek joriy o‘quv yili boshida ham poytaxtda ijara uylari narxi ko‘tarilib ketdi. Talab bo‘lgach, uy bozoridagi narxlarning oshishi tabiiy holat. Vazirlikda uy bozorlaridagi narxlarni o‘rganib, tahlil qilib boradigan xodimlar bor. Toshkent indeks savdo markazida talabalar turarjoylari tashkil etilgach, ijara uylari narxi pasayib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, yotoqxonada yashash istadigidagi talabalar albatta, murojaat qilyapti va shu yerga kelmoqda. Kursi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning barchasiga joy berilmoqda», — deydi u.


Uning qo‘shimcha qilishicha, talabalari yotoqxonaga joylashgan 11 ta oliy ta’lim muassasasidan mas’ullar biriktirilgan. Ular OTMlar rahbariyatlari tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bir oylik navbatchilik grafigi bo‘yicha har kuni talabalar bilan birga yotoqxonada qolmoqda. Shuningdek, tyutorlar ham biriktirilgan.

«Talabalarning xavfsizligi uchun mustahkam tizim yaratilgan»

Toshkent davlat pedigogika universiteti prorektori Feruza Madrahimovaning qayd etishicha, yotoqxonaga joylashgan talabalarning uchdan bir qismini mazkur oliy ta’lim muassasasi o‘quvchilari tashkil qiladi.


«Bugungi kunda universitetimizda 25 mingdan ziyod talaba bo‘lib, shundan 15 mingga yaqini kunduzgi ta’limda o‘qiydi. Ularning 78 foizi xotin-qizlardan iborat. Ushbu savdo markazida talabalar uchun yotoqxona joriy etilishini eshitib, juda ham quvondik. Chunki bizda ehtiyojga nisbatan joy ancha oz. Uzoq hududlardan keladigan talabalarimiz 7 mingga yaqin. Ular doimiy ravishda joy so‘raydi, yotoqxona masalasi qiynardi. Toshkent indeksda yotoqxona tashkil qilinishi bo‘yicha talabalarga e’lon berdik, ehtiyoji borlar bizga murojaat qildi. Yakshanba kuni ko‘chishni boshladik. Bu yerga 7 ta fakultetdan 500 nafardan ortiq talabamiz joylashdi, aksariyati qizlar. Yana bir qulayligi shundaki, universitetimizning asosiy binosi bu yerga yaqin, bitta trasport bilan borib-kelish mumkin», — deydi u.

Madrahimovaga ko‘ra, yotoqxonada talabalarning xavfsizligi uchun mustahkam tizim yaratilgan. Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari, har bir oliy o‘quv yurtidan navbatchilar jalb qilingan, savdo majmuasining nazoratchilari ham kunu tun xizmatda. Soat 22:00 dan keyin talabalar turarjoyi hududidan tashqariga chiqish taqiqlangan.

«Kunlik ijarada yashayotgan talabalarimiz bor edi. Ammo ularning yashash tarzini borib o‘rganganimizda, sharoiti yaxshi emasdi. Bu yerga tezlik bilan ko‘chib o‘tilgani uchun hozir birlamchi sharoitlar yaratilgan. Lekin talabalar hozirgi sharoitdan ham norozi emas. Ular bilan suhbatlashib, muammo, taklif va istaklarini eshityapmiz. Kelasi haftadan boshlab, qulayliklar yaratishga kirishiladi. Talabalari bu yerga ko‘chib kelgan har bir muassasa prorektorlari, mas’ul xodimlari har kuni yotoqxonaga kelyapmiz. Yigit-qizlar moslashib olgunicha ular bilan birgamiz», — deydi Feruza Madrahimova.


«Narx qimmat, uy topolmay sarson bo‘ldik»

Toshkent davlat pedagogika universitetining uchinchi bosqich talabasi Gulira’no Abdulakimova o‘quv yili yakunigacha shu yerda yashash niyatida.

«O‘tgan ikki yil davomida ijara uyda yashaganmiz. Joriy o‘quv yili boshlangach, ijara uyda yashash uchun uy qidirdik. Lekin narx qimmat, ko‘ngildagidek uy topa olmay, biroz sarson bo‘ldik, ochig‘i. Biz talabalar uchun ushbu savdo markazida yotoqxona tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Kecha ko‘chib keldim. Kursdosh qizlar bilan birga turibmiz, har kuni hayot qaynaydi, sharoitlar yaxshi. Mas’ullar asta-sekin qulayliklar yaratib berilishini aytyapti. O‘qishim tushlikdan keyin bo‘lishiga qaramay, biz ham bepul avtobus orqali metro bekatiga boramiz», — deydi u.




Birinchi yordam ko‘rsatadigan tibbiyot xonasi

Yangihayot tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori Alijon Raimqulovning ta’kidlashicha, uchta blokdan iborat talabalar turar joyining har bir blokida bittadan tibbiyot xonasi tashkil etilgan.


«Uchala tibbiyot xonasiga tumandagi poliklinikalarning shifokor va hamshiralari biriktirilgan. 24 soat davomida navbatchilik asosida faoliyat yuritamiz. Talabalar uchun birinchi yordam ko‘rsatamiz. Agar og‘ir holatlar bo‘lsa, tez tibbiy yordamga murojaat qilamiz va ular kelguniga qadar ham o‘zimiz yordam beramiz. Kasalliklarning oldini olish va davolash uchun turli dorilar ham mavjud. Talabalarga, albatta, bepul xizmat ko‘rsatiladi», — deydi shifokor.


Ma’lum qilinishicha, Tashkent Index savdo majmuasidagi ikki qavatli do‘konlarning tepa qismi yotoqxonaga aylantirildi va jarayon davom etmoqda. Qizlar uchun alohida blok, o‘g‘il bola talabalarga boshqa blok yotoqxona sifatida topshirilmoqda.

Talabalar uchun oshxona ham tashkil qilingan bo‘lib, katta pavilyon ikkiga bo‘lingan. Bu yerda qizlar va o‘g‘il bolalar alohida-alohida ovqat qilib, taomlanadi. Oshxonada zamonaviy muzlatkichlar, ovqat isitish pechlari, choy uchun suv qaynatish moslamalarini ko‘rish mumkin.