16 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi istisno tariqasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga 77-sessiyada bevosita emas, balki videomurojaat orqali nutq so‘zlashga ruxsat berishni ovozga qo‘ydi. Bu haqda BMT bayonotida so‘z boradi.

Mazkur qarorni 101 davlat, jumladan Qozog‘iston qo‘llab-quvvatladi. Xitoy, Eron va O‘zbekiston bilan birgalikda 19 delegatsiya betaraf qoldi. Yetti davlat: Rossiya, Belarus, Kuba, Shimoliy Koreya, Nikaragua, Eritreya va Suriya qarshi ovoz berdi.

Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston ovoz berishda ishtirok etmadi.

Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Ukraina «Prezidentning oldindan yozib olingan bayonotini» taqdim etishi mumkin, u Bosh Assambleya zalida Assambleyaning 77-sessiyasidagi umumiy munozaralar chog‘ida yangraydi. Ma’ruzachilar ro‘yxatida Vladimir Zelenskiyning delegatlarga murojaati 21 sentabr chorshanba kuni tushdan keyinga rejalashtirilgan.

Belorussiya delegatsiyasi ushbu istisnoni faqat Ukraina bilan cheklamaslikni taklif qildi, ammo unga o‘zgartirishlar kiritilmadi. Ularni faqat 23 delegatsiya qo‘llab-quvvatladi.

O‘nlab davlatlar mualliflik qilgan rezolyutsiyada gap faqat joriy sessiya haqida ketayotgani va istisno pretsedent bo‘lmasligi kerakligi ta’kidlangan.

A’zo davlatlar o‘z qarorini Bosh Assambleya «tinchliksevar suveren davlatlar rahbarlari, BMT a’zolari o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar, jumladan, davom etayotgan chet el bosqinlari va tajovuzlari, o‘z mamlakatlariga xavfsiz chiqib ketishlari va qaytishlariga imkon bermayotgan harbiy harakatlar yoki milliy mudofaa va xavfsizlik sohasidagi o‘z burch va funksiyalarini bajarish zarurati kabilar tufayli Bosh Assambleya majlislarida shaxsan ishtirok eta olmaydigan holatlarni hisobga olgani bilan izohladilar».

20 sentabr kuni BMTda BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasining umumiy muhokamasi boshlanadi. Oliy darajadagi haftalik tashkilot tomonidan yilning eng kutilgan tadbirlaridan biri bo‘lib, butun dunyodan davlat va hukumat rahbarlari Nyu-Yorkka keladi. Oxirgi ikki yil davomida pandemiya sababli shtab yo‘laklari bo‘m-bo‘sh, oldindan yozib olingan chiqishlar katta ekranlarda namoyish etilmoqda. Bu yil bunday tartib faqat Ukraina prezidenti uchun amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 19−24 sentabr kunlari AQShga tashrif buyurib, BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida nutq so‘zlaydi.