16 sentabrga o‘tar kechasi Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida vaziyat yana keskinlashdi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston tomoni «ilgari erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda» Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Leylek tumanlaridagi qirg‘iz-tojik chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik obyektlariga qurolli uchlar hamda og‘ir harbiy texnikalardan foydalangan holda hujum uyushtirganini ma’lum qildi.

«Qirg‘iziston tomoni erishilgan barcha kelishuvlarga qat’iy rioya qilishni, o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy qismlarni olib chiqib ketishni, shuningdek, chegara hududlarida vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan holatni yaratmaslikni talab qildi», — deyiladi Qirg‘iziston TIV xabarida.

Tashqi ishlar vazirligi chegarada yuzaga keladigan barcha muammolarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish kerakligini ta’kidladi.

Tojikiston chegara qo‘shinlari, o‘z navbatida, 16 sentabr kuni ertalab soat 4:00 larda Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Ko‘ktosh posti chegarachilari «kelishuvni buzgan holda» Dushanbe chegara postiga o‘q uzgani haqida xabar tarqatdi. Tojikiston og‘ir qurollardan foydalanilganini ma’lum qildi.

«Shu bilan birga, Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari og‘ir qurollardan foydalangan holda Isfara shahrining Xo‘jai A’lo, Qummazor, Surx, Somoniyon, Ko‘lkand, Xistevarz va G‘ofurov tumanidagi Ovchiqalacha, Bobojon aholi punktlariga qurolli hujum uyushtirdi», — deyiladi xabarda.

«Tomonlar ertalab soat 6:30 da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olishganiga qaramay, Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari unga rioya qilmay, Tojikiston yo‘nalishi bo‘yicha barcha turdagi harbiy qurollar va harbiy texnikalardan o‘q uzishni davom ettirmoqda», — deya ta’kidlanadi.

Keyinroq Tojikiston chegarachilari ertalab soat 10:00 holatiga ko‘ra Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasining barcha yo‘nalishlarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani haqida xabar berdi.

«Qo‘shni davlat harbiy kuchlari mavjud bo‘lgan barcha turdagi o‘qotar qurollardan foydalangan holda Tojikistonning chegaradosh qishloqlari, fuqarolik tuzilmalari va aholi uylarini shiddatli minomyotlardan bombardimon qildi va o‘qqa tutdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Qirg‘iziston maxsus kuchlari bo‘linmalari harbiylari Isfara shahrining Bog‘iston va Lakon aholi punktlarida tinch aholining uylariga qurolli hujum uyushtirgani, turar-joy binolari va yordamchi inshootlarga o‘t qo‘ygani qayd etildi.

«Ayni damda Tojikistonning vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari ijobiy natija bermayapti, chunki Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari tinchlik muzokaralari bo‘yicha takliflarni e’tiborsiz qoldirmoqda», — dedi Tojikiston chegara qo‘shinlari.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentabr kuni ham Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida otishma sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Tomonlar bir-birini hodisaga sababchi bo‘lganini bildirib, minomyotlardan foydalanishda aybladi.

Shundan so‘ng Qirg‘iziston va Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimov 16:00 (Toshkent vaqti bilan 15:00) da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston chegara xizmati xabar berdi.