14 sentabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti xodimlari va Tugan Falconry Club jamiyati vakillari Toshkent viloyatidagi dasht kengliklariga 7 dona itolg‘i (Falco cherrug) qushlarini qo‘yib yubordi.

Ekoqo‘mita xabariga ko‘ra, bu qushlar 9 sentabr kuni qo‘mita va ichiki ishlar xodimlari tezkor tadbirida noqonuniy savdo qilinayotgan vaqtida olib qo‘yilgan.

Itolg‘i qushi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Qolaversa, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish (CITES) Konvensiyasi II ilovasiga va Xalkaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (MSOP) Qizil kitobidan ham o‘rin olgan.

Hozirgi vaqtda bu turdagi qushlarning G‘arbiy Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog‘ tizmalarida, Qizilqum cho‘lidagi qoldiq past tog‘larda yakka-yakka inlari bor. Uchib o‘tuvchi va qishlovchi turlar butun respublika hududi bo‘ylab uchrashi mumkin. O‘zbekistondan tashqarida: O‘rta Osiyo, Qozog‘istonning janubi, Eron, Xitoy, Afg‘oniston, Rossiyaning Osiyo qismi janubi, Shimoliy Afrikada uchraydi.

Foto: O‘zbekiston Qizil kitobi

Ularning soni 1990 yillarda noqonuniy ovlash tufayli keskin kamayib, taxminan 120−150 juftni tashkil qilgan. Hozirgi vaqtda mamlakat bo‘yicha 70 juft atrofida ekanligi taxmin qilinadi:

Ustyurt yassi tekisligining janubi va sharqiy qismida — 7; G‘arbiy Tyan-Shan tizmasida — 14; Nurota va Pistalitog‘da — 6, Qizilqum cho‘lida — 12, Turkiston va Zarafshon tog‘ida — 4, Hisor tog‘ida — 16, Ko‘hitang — 3, Amudaryo qayirlarida — 5 juft. Qishlash va uchib o‘tish davrida yana bir necha yuztasi uchrashi mumkin. Global populyatsiyasi 2010 yilda 5,4−15,4 ming juft ekani qayd qilingan.