O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yubordi, deya xabar beriladi diplomatik missiya saytida.

Bunga Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan, go‘yoki ushbu mamlakat hududida jang qilgan ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olingani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgani sabab bo‘ldi.

Elchixona notasi «ushbu vaziyat yuzasidan batafsil va ishonchli ma’lumot olish maqsadida» yuborilgan, deyiladi xabarda.

«Ushbu video bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni va barcha holatlar bo‘yicha yakuniy oydinlik kiritilishini kutishingizni so‘raymiz, bu haqda keyinroq e’lon qilinadi», — deb so‘radi O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi.

Bir necha kun oldin jurnalist Yuriy Butusov o‘zining videoreportajida Ukraina Qurolli kuchlarining Balakleya viloyatidagi qarshi hujumi chog‘ida razvedkachilar guruhi Rossiya karvoniga pistirma uyushtirgani haqida xabar bergandi. Ular dushman texnikasining bir qismini yo‘q qilishga, yana bir qismini esa ekipajlari bilan birga qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishdi, deya Butusovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Focus nashri.

Ikki nafar asirga olingan shaxs «Redut» xususiy harbiy kompaniyasi tarkibida jang qilish uchun O‘zbekistondan Ukrainaga kelganini qayd etdi. Xususan, samarqandlik 22 yoshli talaba Muhruddit Yarahmedov minomyot batareyasida bo‘lib, undan o‘q uzganini aytgan. U pul topish maqsadida xususiy harbiy kompaniyaga ishga kirishga qaror qilgan. Asirlardan yana biri Rossiyada besh yil hujjatsiz yashagani uchun Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan.