Har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni ko‘p tomonlama institutlarsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida e’lon qilgan maqolasida yozmoqda.

“Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi bo‘lib xizmat qilib kelyapti. Ular mamlakatlar o‘rtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib o‘tish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish xamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag‘batlantirishga yordam beradi”, — dedi davlat rahbari.

“Ko‘p tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri — Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko‘zlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilmadir. “Tarixan qisqa davrda SHHT katta yo‘lni bosib o‘tib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi”, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin, deyiladi maqolada.

“Bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati — ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir. SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik”, — deya ta’kidladi prezident.

“SHHTning muvaffaqiyat garovi — mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir. Shanxay hamkorlik tashkiloti o‘z mohiyatiga ko‘ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo‘lgan jozibador makonga aylanishi lozim. Shu sababli ham SHHT faoliyatiga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda”, — dedi u.

Prezidentning fikricha, SHHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali to‘laqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

“Bugungi kunda SHHTga a’zo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon ko‘rsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga to‘lgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qo‘shilayotgan hissasining salmog‘i yuksak ekanidan dalolat beradi”, — deyiladi maqolada.

“Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat a’zolar sonining ko‘payishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yo‘nalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu o‘rinda gap transport va o‘zaro bog‘liqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va „yashil“ iqtisodiyot kabi muhim yo‘nalishlar haqida bormoqda”, — dedi prezident.