Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov davlat-xususiy sheriklikda yotoqxonalar qurish nima sababdan sust amalga oshirilayotganiga izoh berdi. U bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.

Jurnalistlardan biri vazirdan 2021 yilda prezident Abduqodir Toshqulov va boshqa mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turar joylar qurish borasida topshiriq berganini, nega ishlar sust amalga oshirilayotgani va nima sababdan tadbirkorlar oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri bilan chiqisholmayotgani haqida so‘radi.

«Davlat xususiy sherikchilik asosida yotoqxonalarni qurish bo‘yicha [tadbirkorlar] bilan chiqisholmayapsizlar, degan gapga qo‘shilmayman. Tadbirkorlik subyekti bilan davlat organi faoliyatida juda katta farq bor. Tadbirkorni majburlab bo‘lmaydi, u foyda olsagina biror narsaga kirishadi. Lekin hozir talabalar turar joyini qurish faqatgina tadbirkorga qo‘yib qo‘yilgani yo‘q. Investitsiya dasturi bo‘yicha ham, OTMlarning o‘zining mablag‘lari bilan ham, yana shunday shart borki, 50 foiz oliygohning o‘zi, 50 foiz davlat tomonidan ham qurilyapti», — dedi vazir.

Abduqodir Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, may oyigacha qilingan imkoniyatlarga tadbirkorlar turar-joy qurishni xohlamagan. Davlat ham ularni majburlamagan. Vazir bu ham O‘zbekistondagi shaffof, haqiqiy bozor qonuniyatlarining ishlayotganligidan dalolat berishini ta’kidladi.

«Bizga manfaati yo‘q, qurmaymiz, deyishdi. Lekin tartib o‘zgargandan keyin hozir 60 ta talabalar turar joyiga tadbirkorlar loyihani, tenderni, qurilishni boshlagan. Bu talabalar turar joyini [qurish] to‘xtab qoldi degani emas. Investitsiyaviy dastur bo‘yicha, OTMlarning o‘zi va davlat bilan oliygohning o‘zi qurilayotganida muammo yo‘q. Faqat tadbirkorlarda keyingi bosqichdan keyin qiziqish bildirilib, qurilyapti», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2021 yil boshida talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Oradan vaqt o‘tib, hukumat qarori bilan talabalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida turar joylar qurilishi ma’lum qilingandi. Buning uchun viloyat hokimlari tomonidan 0,5 gektargacha yer joylardan ajratilishi, respublika bo‘ylab jami 228 ta talabalar turar joylari (400 o‘rinli) barpo etilishi qayd etilgandi.