Nukus shahri Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri binosida Oliy Majlisi Senati a’zosining saylovini o‘tkazish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kenges matbuot xizmati.

Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ishtirok etdi. Saylov to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng va yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi.

Saylov natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Oliy Majlisi Senati a’zoligiga saylandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amanbay Orinbayev Jo‘qorg‘i Kengesi raisi lavozimiga saylangandi. Bungacha u Qoraqalpog‘iston IIV rahbari lavozimida 5 oydan kamroq muddat — mart boshidan iyul oxiriga qadar ishladi. Iyul oyi boshida respublikada yuz bergan namoyishlardan so‘ng u o‘z lavozimidan ozod qilingandi va Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Avgust oyi boshlarida u o‘z nomzodini Jo‘qorg‘i Kengesning bo‘shab qolgan o‘rinlariga qo‘ydi va 21 avgust kuni deputat sifatida saylandi.