Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. Bu haqda Bukingem saroyi Twitter’da xabar berdi.

Qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li, 73 yoshli shahzoda Charlz yangi monarx bo‘ladi.

Payshanba kuni Britaniya qirolichasi Balmoral qasrida shifokorlar uning sog‘lig‘idan xavotir bildirgani ortidan tibbiy kuzatuv ostida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Qirolicha Yelizaveta II 1926 yil 21 aprelda Londonda tug‘ilgan. Malika Yelizaveta Aleksandra Meri Vindzor Vindzorlar sulolasidan. U York gersogi, Buyuk Britaniyaning bo‘lajak qiroli Jorj VI (1895−1952) va Elizabet Bouz-Lyon (1900−2002)ning to‘ng‘ich qizi.

Yelizaveta II 1952 yil 6 fevralda 25 yoshida taxtga o‘tirdi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining davlat rahbari bo‘ldi, shuningdek, Hamdo‘stlikning 15 ta davlati (Avstraliya, Antigua va Barbuda, Bagama orollari, Barbados, Beliz, Grenada, Kanada, Yangi Zelandiya, Papua-Yangi Gvineya, Sent-Vinsent va Grenadin orollari, Sent-Kitts va Nevis, Sent-Lyusiya, Solomon orollari, Tuvalu, Yamayka) qirolichasi, Anglikan cherkovi rahbari, Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni va Man orolining Lordi ham hisoblanadi U shuningdek, 1953 yil 29 maydan 1961 yil 31 maygacha Janubiy Afrika Qirolichasi edi.

2015 yilda Buyuk Britaniya qirolichasi hozirgi eng keksa monarx sifatida tan olingan.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta IIning to‘rt farzandi bor: taxt vorisi to‘ng‘ich o‘g‘li Charlz Filipp Artur Jorj (Uels shahzodasi), malika Anna Yelizaveta Elis Luiza, shahzoda Endryu Albert Kristian Edvard (York gersotsi), shahzoda Edvard Entoni Richard Lui (Vesseks grafi).