7-sinf «O‘zbek tili» darsligiga Murod Nazarov haqidagi matn kiritilgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Respublika ta’lim markazi mazkur vaziyatga nisbatan tushuntirish berdi.

Ta’kidlanishicha, ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tili kommunikativ yondashuv asosida o‘tiladi.

«Bu yonashuvning asosiy maqsadi o‘quvchilarda til ko‘nikmalarini (eshitilgan yoki o‘qilgan matnni tushunish, yozish, gapirish) rivojlantirish hisoblanadi, chunki til ko‘nikmalarisiz samarali kommunikatsiyani (muloqotni) ta’minlash imkonsiz. Kommunikativ yondashuvning muhim talablaridan biri — til ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun topshiriqlarning autentik (o‘rgatilayotgan tilda yaratilgan real manbalar) asosida tuzilishi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, OAVdagi xabar va maqolalar, jamoat joylaridagi e’lonlar, xaritalar, chiptalar — til egalari real vaziyatlarda duch keladigan har qanday manba shunday autentik material vazifasini bajarishi mumkin.

«Bunday materiallarning o‘quvchi zamoniga, kundalik hayotiga yaqinligi ham kommunikativ til o‘qitishning samarasini ta’minlaydi», — degan fikrda mualliflar.

«Murod Nazarov haqidagi matn ham o‘qib tushunish kompetensiyalarini rivojlantirish uchun autentik material sifatida tanlangan. Bunda matnning tili (leksika va grammatikasi) o‘rganilayotgan til darajasi uchun mosligi va darsning kommunikativ mavzusiga mosligi e’tiborga olingan», — deyiladi mualliflar jamoasi izohida.

Bunga misol tariqasida «Think» ingliz tili darsligi (mazkur darslikdan prezident maktablarida ingliz tilini o‘qitishda foydalaniladi) va «Prima» nemis tili darsligidagi matnlarni keltirilgan.


«Think»da o‘qib tushunish va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar «Simpsonlar» hamda boshqa teleseriallar qahramonlari haqidagi matn asosida rivojlantirilgan. «Prima»da esa («Prima A2: Deutsch fur Jugendliche», Cornelsen Schulverlage GmbH) hali hayot bo‘lgan sportchilar haqida matndan foydalanilgan, deyiladi xabarda.