Hukumatning 6 sentabrdagi [498-son] qarori bilan «Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu xaqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Mazkur nizom davlat reyestri qadimiy yozma manbalarni hisobga olish va ularning saqlanishini nazoratga oluvchi hujjat hisoblanadi.

Davlat reyestri elektron va bosma ko‘rinishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yuritiladi.

Nizomga ko‘ra, davlat reyestriga kiritilgan manbalarga oid ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, unga 1950 yilgacha yaratilgan yozma yodgorliklar, tarixiy hujjatlar va chop etilgan toshbosma nashrlar kiritiladi.

Shu bilan birga, muzeylar, kutubxonalar va barcha davlat tashkilotlari o‘zlaridagi yozma manbalarga oid ma’lumotlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga majburiy tartibda, boshqa shaxslar esa ixtiyoriy asosda taqdim qiladi.

Yozma manba ro‘yxatdan o‘tkazilganda guvohnoma beriladi. Shuningdek, yozma manbalar o‘g‘irlanganda, yo‘qotilganda 1 ish kunida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga xabar berilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevralida «Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-126-son] qaror imzolangan edi.

Qaror bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.