Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshidagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son Tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalardagi sharoitlarni o‘rgandi. Bu haqda ombudsman ofisi matbuot xizmati xabar berdi.

Komissiyani boshqaradigan ombdusman Feruza Eshmatova va boshqa komissiya a’zolari hibsxonada saqlanayotgan shaxslar, shu jumladan ushbu voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchilardan biri Dauletmurat Tajimuratov bilan suhbatlashdi.

«Uchrashuv davomida Tajimuratov advokat bilan ta’minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila a’zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Dauletmurat Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagan. Ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirdi.

«Komissiya a’zolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning Tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yo‘l qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldi», — deya qayd etdi komissiya.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Qoraqalpog‘istonda sodir etilgan ommaviy namoyishlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi (Hokimiyatni bosib olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov doirasida 14 nafar shaxsning hibsga olinganini ma’lum qildi.

Dauletmurat Tajimuratov va Azamat Turdanovga nisbatan «Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan» jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan sud qarori bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Lolagul Qallixanovaning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlangan, shu bois u jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlandi.

Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusda 1 va 2 iyul kunlari respublika aholisining Qoraqalpog‘iston maqomi bilan bog‘liq Konstitutsiyaga taklif etilgan o‘zgartirishlardan noroziligi fonida ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bunga qadar esa bir necha kun davomida respublikada internet o‘chirib qo‘yildi.

1 iyul kuni Dauletmurat Tajimuratov masjid oldida chiqish qilib, Jo‘qorg‘i Kengesga 5 iyul kuni «Qoraqalpog‘iston ozodligi uchun tinch, tashkillashtirilgan» miting o‘tkazishni so‘rab murojaat qilganini aytdi. Shu kuniyoq u hibsga olindi. Kechga yaqin uni qo‘yib yuborishdi, biroq keyin yana hibsga olishdi.

2 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukusga tashrif buyurib, «Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda hech qachon o‘zgarmaydi», deya ta’kidladi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston maqomi to‘g‘risidagi o‘zgartishlar muhokamadan olib tashlandi.

Avgust oxirida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining yangi raisi etib Amanbay Orinbayev saylandi. U mazkur lavozimda Qoraqalpog‘istonni 2 yildan kamroq boshqargan Murat Kamalovning o‘rinin egalladi.