O‘zbekiston yo‘llarida 7 oy ichida 139 ta holat bo‘yicha 6 mlrd 132 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgan. Bu haqda AOKAda Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

«O‘zyo‘linspeksiya» tomonidan yanvar-iyul oylarida yo‘l qurilishi obyektlari, sun’iy inshootlar (ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar) hamda yo‘l-qurilish materiallari ishlab chiqarishda normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi o‘rganilib, 3155 ta obyektda nazorat o‘tkazilgan.

Natijada 5846 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish uchun buyurtmachi, pudratchi, loyihachi va saqlovchi tashkilotlarga — 3590 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan 3026 ta ko‘rsatmadagi qoida buzilishlar bartaraf etildi. Qolgan 564 ta ko‘rsatmaning ijrosi ham qat’iy nazoratga olingan.

Inspeksiya tomonidan 7 oy ichida 139 ta holat bo‘yicha umumiy summasi qariyb 6 mlrd 132 mln so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritilgan. Shundan 4 mlrd 203 mln so‘mlik 92 ta talabnoma ijrosi ta’minlangan. Ya’ni, shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta’mir ishlari pudratchilar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan me’yoriy hujjatlar talablari asosida qaytadan bajarilgan.

Yo‘l qurilish obektlarida qo‘pol qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va davlat inspektorlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni muddatida bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan MJtKning 99- va 147-moddalariga ko‘ra 134 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Sud organlariga yuborilgan 120 ta bayonnoma bo‘yicha 175 mln 410 ming so‘mlik jarima qo‘llangan.