Maktab darsliklarini pullik ijaraga olish O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ziddir. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP partiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev shunday deb hisoblaydi.

Konstitutsiyaning 41-moddasiga binoan, har kim bilim olish huquqiga ega, davlat esa bepul umumiy ta’limni kafolatlaydi.

«Mazkur konstitutsiyaviy me’yor deganda davlat umumta’lim maktablarida ta’lim bilan bog‘liq barcha jarayonlar bepul bo‘lishini tushunaman. Bu o‘quvchilarni darsliklar bilan ta’minlashni ham o‘z ichiga oladi. Shu bois maktablarda darsliklarni ijaraga berish Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaymiz», — dedi u.

Parlament a’zosi «Gazeta.uz» bilan suhbatda 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyadagi ta’limga oid norma bugungi kungacha o‘zgarmaganiga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijara tizimiga o‘tilgan 2005 yilga qadar davlat maktab o‘quvchilariga darsliklarni bepul berib kelgan.

«2002 yoki 2005 yilgacha kitoblar berilishi bepul bo‘lgan. O‘sha paytdagi Konstitutsiyada ham o‘rta ta’lim bepul deb yozilgan edi-ku. O‘shandan kelib chiqib darsliklar ham bepul bo‘lgan. Konstitutsiyaning u talabi o‘zgarmadi, o‘sha-o‘sha-ku», — deya ta’kidladi u.

Qayd etish joizki, ijara tizimi joriy etilgunga qadar kitoblar (hozirgidek) faqat ayrim toifadagi maktab o‘quvchilari: birinchi sinf o‘quvchilari, Mehribonlik uylari, maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari, shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun bepul berilar edi). Darsliklar ota-onalarga yarmarkalarda va savdo tarmoqlari orqali sotilardi.

Deputat saylovchilar unga murojaat qilganidan so‘ng ushbu masalani ko‘tarib chiqqanini ma’lum qildi.

«Kimlardir meni siyosatga qarshi deb chiqishyapti. Qanaqasiga bu yerda siyosatga qarshilik bor? Men Konstitutsiyani qanday tushunganim bo‘yicha aytyapman. Mening nuqtai nazarim bo‘yicha bepul deyilgan, bo‘ldi. Hozir 2−3 kundan beri menga ota-onalar chiqishyapti. Bitta oilada to‘rtta farzandi borlar bor ekan. Kitobga deb 120 mingdan so‘rashayotgan ekan. Menga: «Bermasam nima qilishadi, bolamni qaytarib yuborishadimi? Men berolmayman. Bermasam nima bo‘ladi, deb so‘rashyapti. Men nima deb javob berishni bilmayman», — deydi deputat.

Rasul Kusherbayev sog‘liqni saqlash sohasini ham misol qilib keltirdi va Konstitutsiyaga ko‘ra, «har kim malakali tibbiy yordam olish huquqiga ega"ligini eslatdi.

«Davlat bir vaqtning o‘zida xususiy tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini ham berib qo‘yayapti, bir vaqtning o‘zida davlatnikini ham, bepul tibbiy xizmat, to‘g‘rimi? Konstitutsiyada malakali tibbiy xizmat olish huquqiga ega, deb bu yog‘iga ba’zi joylarda davlat qilib bermaydi, deyilmayapti-ku. Umumiy qoidadan kelib chiqib, nodavlat maktablarda marhamat — darsliklari pulli bo‘ladimi, ijaraga beriladimi, farqi yo‘q, tushunarli. Lekin gap davlat maktablari haqida ketyapti-ku», — deya tushuntirdi deputat.

Parlament a’zosi Konstitutsiyaviy sud bu masalaga aralashib, tushuntirish berishi kerak, deb hisoblaydi. Uning o‘zi keyingi haftada deputatlik so‘rovi bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi narxi «2−3 baravarga» qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qilishmoqda. XTV buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohladi.

«Gazeta.uz» XTVga yil oxiriga qadar 3, 6, 7 va 10-sinflar uchun yangi darsliklarni ishlab chiqish topshirilgani, biroq jadvaldan ilgarilab ketilgani sababli o‘quvchilar sentabrdanoq ularni qabul qilib olishni boshlashi haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, qog‘oz narxlari oshib ketgani bois hukumatga qo‘shimcha mablag‘ zarur bo‘lmoqda.

May oyida prezident tomonidan 2026 yilgacha Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Davlat maktablariga o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va alohida fanlar bo‘yicha darsliklar tanlashga ruxsat berildi.