O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 sentabr kuni birinchi prezident Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida birinchi prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Xotira tadbirida Islom Karimovning xalq manfaati yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi. Qur’on tilovat qilindi. Marosimda Tatyana Karimova Oliy Majlis, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham qatnashdi.

«Islom Karimov bundan o‘ttiz bir yil oldin mamlakatimizning milliy mustaqilligini dunyoga e’lon qilgan edi. Bu davlatchiligimizni va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab, barcha yutuq va marralarimizning zamini bo‘ldi. Shu bois, Birinchi prezidentimizga hurmat o‘z tariximizga hurmat ifodasidir», — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari ustozlarni qadrlash va hamisha yodga olish kerakligini, bu yosh avlodga o‘rnak bo‘lishini ta’kidladi. Mazkur tadbirlar Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.

Foto