Toshkent viloyatining Zangiota tumanida «Elektron hukumat» tizimi ma’lumotlarini saqlash va qayta ishlash yagona markazi barpo etildi. 27 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Markazning qurilishi «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirildi. U Xitoyning Huawei kompaniyasi hamkorligida qurildi.

Bu yerda 20 petabayt xotiraga ega tizim tashkil etilgan. 580 ta server, umumiy elektr quvvati 5 megavattli dizel generatorlar tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi. Binoni sovutish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash tarmoqlari ham barcha talablarga javob beradi.

Umuman, Ma’lumotlar markazi xalqaro «Uptime» instituti tomonidan beriladigan TIER III sertifikatiga ega.

«Bu markaz raqamlashtirishning «yuragi», «Elektron hukumat»ning zamini», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur markaz ishga tushishi natijasida davlat idoralarining ma’lumotlarni saqlash va texnik qo‘llab-quvvatlashga sarflaydigan milliardlab harajatlari tejaladi, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanadi. Eng asosiysi, kiberhujumlardan ishonchli himoya ta’minlanadi, deyiladi xabarda.

Foto