Qoraqalpog‘istonda ta’limni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflaridan kelib chiqib, prezident mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov.

Xususan, Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha muddatga imtiyozli shartlarda ssudalar ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Bo‘sh turgan davlat obyektlarida yoshlar va xotin-qizlarni xorijiy tillar va IT sohasiga o‘qitish kurslarini tashkil etish imkoniyatini yaratish, ushbu obyektlarni tadbirkorlarga 5 yilgacha bepul foydalanishga beriladi.

Davlat rahbari, shuningdek quyidagilar bo‘yicha topshiriq berdi:

  • Qo‘ng‘irot, Nukus va Chimboy tumanlarida 4 ta «Ishga marhamat» mono-markazlarini tashkil etish;
  • faqat qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun mamlakatimizdagi barcha oliygohlarga alohida 6,5 mingta qabul kvotalari joriy etish;
  • Qoraqalpog‘istondagi ehtiyojdan kelib chiqib, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, qurilish sohalarida tayanch doktoranturada qo‘shimcha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

Ma’lumot o‘rnida, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Murat Kamalov betobligi sababli lavozimidan ozod etilgandi. Uning o‘rniga Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Amanbay Orinbayev saylangandi. U prezidentdan Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish borasidagi taklif va rejalarni to‘liq amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslar ajratilishida ko‘mak so‘ragan.