O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni «Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Hujjat 2022 yil 1 sentabrdan boshlab xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini bevosita yoki bilvosita cheklashni nazarda tutuvchi bir qator tartib va talablarni bekor qiladi. Ular mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani qayd etilgan.

Xususan, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqdan foydalanish, uy-joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, bino va inshootlar, transport vositalaridan foydalanishga, shuningdek, korporativ munosabatlarga doir cheklovlar bekor qilinadi.

Mulkka bo‘lgan huquqni uni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning qayd etishicha, oxirgi 2,5 yilda hokimlarning qarorlari bilan berilgan 2,5 mingdan oshiq yer uchastkalariga (101 ming gektar) bo‘lgan huquqlar ularning o‘zi yoki yuqori turuvchi organlar tomonidan, shu jumladan, prokuror protestlari asosida sud qarorisiz bekor bo‘lgan.

Yerdan ixtiyoriy voz kechish mulkdorning notarial tasdiqlanadigan arizasiga asosan amalga oshiriladi. Endi buning uchun hokim qarorini qabul qilish talab etilmaydi. Adliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu masala ayniqsa fermerlar uchun dolzarb. So‘nggi 2,5 yilda 20 543 ta yer uchastkasi (2,6 mln gektar) «yerdan ixtiyoriy voz kechilganligi haqidagi ariza»ga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan.

Yuridik shaxs tugatilganda uning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmaydi va yer davlat zaxirasiga qaytarib olinmaydi. Mazkur yerlar tugatilayotgan yuridik shaxsning muassislariga o‘tadi.

«Xabeas korpus» instituti doirasida curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini sudda ko‘rib chiqish tartibini joriy etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev olib qo‘yilgan mulkning qiymati ko‘pincha aniqlangan zarardan yuqori bo‘lishini ta’kidladi. Masalan, so‘nggi uch yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarar miqdoridan ikki baravar ko‘p (1,5 trln so‘m) mol-mulk musodara qilingan.

️Xususiy mulk huquqini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan holatlar belgilab berildi. Shu jumladan, endilikda xususiy mulk obyekti va u joylashgan hududga mulkdorning ruxsatisiz kirish uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi mumkin.

Endilikda mulkdor yoki uning vakili o‘z mulkini har qanday tajovuzdan huquqni buzishga mutanosib ravishda va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasida mustaqil himoya qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Turar joyga nisbatan mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 2,5 yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 954 ta da’vo arizalari kiritilgan, shundan 7 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan.

2023 yil 1 yanvardan «Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi» (UZKAD) ko‘chmas mulkka oid yagona axborot bazasi hisoblanadi. Bunda tizimdagi ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Agar turar joy UZKAD tizimidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonib xarid qilingan bo‘lsa, 3 yildan keyin sotib oluvchidan (insofli egallovchi) ushbu uyni talab qilib olish mumkin emas. Dastlabki mulkdorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanib, keyinchalik aybdordan undiriladi.

Hukumat va viloyatlar hokimliklari huzuridagi «snos» jamg‘armalarini Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarga (kompensatsiya jamg‘armalari) aylantirildi.

Aholi va tadbirkorlarga yetkazilgan quyidagi zararlar kompensatsiya jamg‘armalaridan to‘lab beriladi:

  • davlat organi, mansabdor shaxs, xususan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonunga xilof harakatlari natijasida mulkdorga yetkazilgan, sud qarori bilan aniqlangan zarar;
  • ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar;
  • turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar.

Sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari soni qisqartiriladi, fuqarolar esa o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinadi.

️Adliya vazirligiga esa yuqorida keltirilgan yangi tartiblarni nazarda tutuvchi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

«Bu farmon ustida uzoq ishlandi, 3 oy ishlab chiqishga, 5 oy vazirliklar bilan kelishishga sarflandi. Chunki undagi yangiliklar juda jiddiy. O‘ylaymizki, ushbu Farmon mulk huquqini yuksak qadriyat sifatida davlat organlari tizimida to‘liq ro‘yobga chiqarishga katta hissa qo‘shadi va mulkiy huquqlarning davlat tomonidan kafolatlanishiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi», — deya ma’lum qildi adliya vaziri.