2022 yilning bahor mavsumida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 127 mlndan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.

Biroq, 7 apreldagi videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur loyiha doirasida ko‘zbo‘yamachiliklar davom etayotganini tanqid qilgandi. Joylarda haqiqatda ekilmagan jami 5 million tup ko‘chatlarni hisobotda qo‘shib yozish holatlari borligi aytilgandi. «Ayrim hududlarda hali ham ishlar nomigagina tashkil etilib, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotgani to‘g‘risida menda ma’lumotlar yetarli», — degandi prezident.

Iyun oxirlarida Hisob palatasi «Yashil makon» loyihasidagi ko‘chat ekish hisobotlarida 6,2 mln ko‘chat qo‘shib yozilgani, 2,4 mln tupi qurib qolgani, shuningdek, sug‘orish va parvarish ishlari yaxshi tashkil etilmaganini aniqladi.

Shundan so‘ng, Davlat ekologiya qo‘mitasi ushbu muddat ichida mas’ul tashkilotlarga daraxt ko‘chatlarini parvarishlash bo‘yicha 10 577 ta majburiy ko‘rsatmalar berilganini ochiqladi. Ko‘rsatma talablarini lozim darajada bajarmagan 109 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 311 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Daraxtlarni ekish va parvarishlashdagi muammo qanday hal etiladi?

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi 22 avgustdagi [464-sonli] qaror bilan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Unda daraxt va butalarni ekish, sug‘orish, dorilash va parvarishlashni tashkilotlarga biriktirib qo‘yish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Daraxtlar ularning turlari, iqlim sharoitiga moslashuvchanligi, yerosti suvlarining yaqinligi, yerning sho‘rlanish darajasi, sug‘orish tizimi mavjudligiga qarab ekiladi. Bunda ekish uchun joy tanlashda daraxtlar va butalarning bioekologik xususiyatlari, tuproqning unumdorligi, qurg‘oqchilikka chidamliligi, quyoshli va soya joylarga moslashuvchanligi e’tiborga olinadi.

Yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kv. metrdan (5 sotix) ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxt, buta, boshqa o‘simlik va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkasi umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan hamda ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno.

Daraxt va butalarni ekish uchun joy tanlash va ekishda quyidagilar mas’ul bo‘ladi:

  • Aholi punktlarida — mahalliy davlat hokimiyati organlari, MFY va ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlari;
  • Tashkilotlarda — yer egalari;
  • Mahalliy hokimiyatlarga biriktirilgan yo‘l va ko‘chalar bo‘ylarida — hokimiyatlar;
  • Umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari bo‘ylarida — «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;
  • Tabiiy va sun’iy suv oqimlari, suv hafzalari hamda boshqa suv obyektlarining ajratilgan mintaqalarida — hokimiyatlar, suv xo‘jaligi organlari;
  • Fermer xo‘jaliklari yerlarida — yer egalari;
  • Zaxira yerlarda — mahalliy hokimiyatlar.

Ko‘chak ekish ishlari asosan bahor va kuzda, ob-havo sharoiti hamda ekishning agrotexnik qoidalariga rioya qilgan holda, qolaversa, ehtiyojdan kelib chiqib, boshqa fasllarda ham ekish mumkin.

Tuman va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘kalamzorlashtirish uchun ekiladigan ko‘chatlarning yoshi 5 yildan kam bo‘lishi va ularni sug‘orish tizimi yo‘q yerlarga ekish taqiqlanadi.

Daraxt va butalarni sug‘orish va oziqlantirish

Shaharlar va tumanlar markazlaridagi ko‘chalarda hududlar biriktirilganligiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyat organlari, shuningdek, faoliyat ko‘rsatayotgan binodan ko‘chagacha bo‘lgan oraliqda tashkilotlar mas’ul hisoblanadi.

Yo‘llar bo‘yida ekilgan ko‘chatlarni Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, temir yo‘llar atrofidagilarni esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» sug‘orish va oziqlantirishga javobgar bo‘ladi.

Daraxtlarni butash ishlari ham hududlarga biriktirilgan mas’ul tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Daraxt va butalarni maxsus ishchi guruhlar joyiga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazadi, raqamlaydi va ma’lumotni «Yashil makon» platformasiga kiritadi.

Xatlovni o‘tkazishda 100 yoshdan oshgan daraxtlar aniqlanganda ularni tabiat yodgorliklari sifatida muhofazaga olish uchun alohida reyestr yuritiladi. Ushbu daraxtlarni tabiat yodgorligi deb e’lon qilish «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tabiat yodgorligi deb e’lon qilingan daraxtlarni tashqi ta’sirlardan himoya qilish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlari yer egalari bilan birga ushbu daraxtlarning atrofi tanasidan bir metrdan kam bo‘lmagan masofada va balandligi 1,2 metr bo‘lgan metall panjara bilan o‘ralishini ta’minlaydi.

Mazkur daraxtlar to‘g‘risidagi davlat tili, rus va ingliz tillarida — uning nomi, yoshi, reyestr raqami, joylashgan manzili qayd etilgan yorliq metall panjaraga osib qo‘yiladi.

Daraxtlarni biriktirish

Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari shaharlar va boshqa aholi yashash punktlarida joylashgan hamda bo‘sh turgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga mo‘ljallangan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilishini tashkil etadi.

Xatlov natijasiga ko‘ra, yer uchastkalarini davlat organ va tashkilotlari, MFYlar, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlariga ajratib berish yuzasidan taklifni mahalliy hokimiyatga kiritadi. Taklifga daraxt joylashgan joy xaritasi, tegishli qaror loyihasi va fotosuratlar ilova qilinadi.

Aholi punktlarida qarovsiz qolgan daraxtlarni saqlash va parvarish qilish, «Yashil bog‘lar» va «Yashil jamoat parklari»ni ko‘kalamzorlashtirish, shu jumladan, ular hududlarida daraxtlarni ekish, saqlash va parvarishlar ishlariga «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan hamda ishsiz shaxslar — har bir mahalladan kamida bittadan fuqaro jalb qilinishi mumkin. Ularning mehnatiga haq to‘lash Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu ishlar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy organlari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birga amalga oshiriladi.

Daraxtlarni biriktirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan ajratilayotgan tashkilotga doimiy foydalanish huquqi bilan belgilangan tartibda beriladi.

Bunda daraxtlarni biriktirish yuridik shaxs roziligi asosida Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tomonidan keng targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘tkazilishi orqali amalga oshiriladi. Biriktirilgan daraxtlar bo‘yicha esa reyestrdan elektron ko‘chirmalar taqdim etiladi. Ko‘chirma Ekoqo‘mita vakili va tashkilot rahbari o‘rtasida imzolanadi.

Avvalroq, mazkur qaror bilan noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga kompensatsiya tarzida daraxt ekish jarimadan ozod qilmasligi belgilangani haqida yozgandik.