Toshkentdagi 21-sonli mehribonlik uyining eshiklari yopildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy gvardiyasi shafeligidagi Mehribonlik.uz sayti.

Bu yerda 5 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 122 nafar bola tarbiyalangan. Bugungi kunda 67 nafar tarbiyalanuvchi oilaviy sharoitda voyaga yetayotgan bo‘lsa, ularning 12 nafari bugun poytaxtda barpo etilgan 5 ta oilaviy bolalar uyida ulg‘aymoqda.

«Olti nafar bola ota-onasi yoki yaqin qarindoshlariga qaytarildi. Bular ota-onasidan birini yoqotgan yoki butunlay ota-onasidan ayrilgan bolalardir, biroq Milliy gvardiya va hamkor vazirliklarning sa’y-harakatlari bilan ularning qarindoshlari topilib, oilasi bag‘riga qaytarildi. 50 dan ortiq o‘g‘il-qizlar vasiylikka olindi. Bolalar 18 yoshga to‘lib, voyaga yetgach muassasani tark etdi», — deyiladi ma’muriyat xabarida.

Natijada 21-sonli mehribonlik uyida atigi 27 nafar tarbiyalanuvchi qoldi. Shu bois, barcha bolalar Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan A.Xlebushkina nomidagi 22-sonli mehribonik uyiga o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgust oyida prezident qarori bilan «Mehribonlik» uylari, SSV tizimidagi Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari Milliy gvardiyaga biriktirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organga mehribonlik uylaridagi bolalarni ota-onalariga qaytarish, vasiy tayinlash va farzandlikka olishga ko‘maklashish topshirildi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil oxirida Milliy gvardiya 1200 ga yaqin bolaning asrab olinishiga yordamlashgani, 7 ta mehribonlik uyi va 3 ta bolalar shaharchasi yopilgani haqida xabar berilgan edi.

Hozirda Mehribonlik.uz saytidagi mavjud ma’lumotlarga asosan, «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalaridagi qariyb 2 ming nafar tarbiyalanuvchi qarindoshlari yoki oilalar tarbiyasiga berilgan. 20 ga yaqin «Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylari yopilgan.

Aprel oyida Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova 21-mehribonlik uyida bolalar huquq va erkinliklari, manfaatlari buzilishi, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, jumladan, bolalarni psixiatriya shifoxonasiga majburan yuborib kelinganligi holatlari kuzatilgani haqida xabar bergan edi. May oyida esa mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari aniqlanib, mehribonlik uyi direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.