Prezidentning 2022 yil 30 apreldagi «Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ -232-son] qaroriga muvofiq, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda DSQ hamkorligida «Keshbek» tizimiga tushiriladi. Bu hafda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tizimga ko‘ra, 2022 yil 1 sentabrdan boshlab «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida «Sayohat qil va keshbek ishla» shiori asosida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan mamlakat fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi.

«Sayohat uchun keshbek» platformasi quyidagi tartibda sozlanadi:

  1. Soliq.uz mobil ilovasi yuklab olinib, FaceID orqali shaxsni tasdiqlash amalga oshiriladi;
  2. sayohat yo‘nalishini va boshlanish sanasini tanlash va keshbeklarni yig‘ish uchun fiskal cheklarni skanerlash orqali avia, temir yo‘l yoki avtobus biletlarini ilovaga kiritish lozim;
  3. sayohatdan so‘ng «Sayohatni tugatish» tugmasini bosish va yig‘ilgan keshbek summalarini shaxsiy mahalliy bank plastik kartasiga o‘tkazish mumkin.

keshbek tizimi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

  • avia, temir yo‘l va avtobusdan foydalanish;
  • joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;
  • madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda.

Sayohat xarajatlari faqatgina platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi.