O‘zbekistonda bir qism maktab o‘quvchilari o‘quv yilini yangi avlod darsliklari bilan boshlaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Prezidentning 11 maydagi (PF-134) qarori bilan XTVga 2022 yil oxirigacha 3, 6, 7 va 10-sinf o‘quvchilari uchun, 2023−2024 yillarda esa 4, 5, 8, 9 va 11- sinflar uchun o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar va ishchi daftarlarini ishlab chiqish topshirilgan edi.

Vazirlik mazkur topshiriq muddatidan avval bajarilgani haqida xabar berdi. 3-sinf uchun yangi darsliklar, jumladan, rus va ingliz tillaridagi darsliklar maktablarga yetkazib berilgan.

«Dastlab maktab o‘quvchilarini eski darsliklar bilan ta’minlash, dekabr oyida esa to‘plamlarni yangilash rejalashtirilgan edi. Ammo kitoblar chop etib bo‘linganini inobatga olib, sentabr oyidan boshlab yangi to‘plamlarni chiqarishga qaror qildik», — deya tushuntirdi vazirlik.

Xalq deputatlari poytaxt kengashi sessiyasida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Shukur Burxonov bugungi kunga qadar mamlakatda darsliklarning 60 foizi chop etilgani, poytaxtda maktablar 47 foizga yangi darsliklar bilan ta’minlangani haqida ma’lum qildi.

«Qog‘oz narxlari ular asosan Ukrainadan (aslida Rossiya va Finlyandiyadan — tahr.) kelishini hisobga olsak, qog‘oz narxi keskin ko‘tarildi. Shu bois hukumat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ topish, masalani hal etishda biroz kechikish kuzatildi. Lekin tashvishlanishga hojat yo‘q, biz bolalarni darsliksiz qoldirmaymiz. O‘tgan yili foydalangan darsliklarning 78 foizi kutubxonalarimizda saqlanmoqda. Ular shartnoma asosida davlat va xususiy maktablarga ajratilgan», — dedi u.

Shahar XTBrahbarining birinchi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, darsliklarni utilizatsiya qilish muddati (2022 yil boshida rejalashtirilgan edi): boshlang‘ich sinflar uchun — 3 yil, yuqori sinflar uchun — 5 yil.

«Vazirlik [xatarlarni] bilib, utilizatsiya qilishga ruxsat bermadi. Darsliklar utilizatsiya qilinmagan, ular saqlanyapti. Agar 5-sentabrdan boshlab maktab yoki sinfga darslik yetib bormasa, biz ikki yildan beri ishlatib kelayotgan darslikdan foydalanamiz. Keyin esa oktabr, noyabr, balki yil oxirigacha hammani 100% yangi darsliklar bilan ta’minlaymiz», dedi u.

2022 yilda 50 463 nafar o‘quvchining birinchi sinfga qabul qilinishi kutilmoqda, ularning 92 foizi elektron platforma orqali maktablarga qabul qilingan.

Shukur Burxonov birinchi sinf o‘quvchilari uchun prezident sovg‘alarining 64 foizi shakllantirilgani, 13 nomdagi mahsulotdan 8 tasi xarid qilinganini ta’kidladi. «Tuman hokimliklarida kechayu kunduz ishchi guruhlar darsliklar ustida, alohida prezident sovg‘alari ustida ishlamoqda», — deya ishontirdi u.

O‘tgan yili O‘zbekistonda 25 mln dona darslik chop etilgan bo‘lsa, bugungi kunga qadar rejalashtirilgan 60 mln dona darslikdan 35 mln tasi chop etildi.

May oyida prezident tomonidan 2026 yilgacha Maktab ta’limini rivojlantirish dasturi tasdiqlangan edi. Unda davlat maktablariga o‘quv dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish va ayrim fanlar bo‘yicha darsliklarni tanlashga ruxsat berildi.